Andijon shahrida V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekistonning Andijon shahrida “Turkiy dunyoda milliy liboslar: Tarix, o‘zlik va madaniy meros” mavzusida V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi o‘tkazildi. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi va Andijon viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan anjumanda qator muzeylar rahbarlari, ilm-fan sohasi vakillari, olimlar, tadqiqotchilar bilan birga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va Turkmanistondan jami 50 nafarga yaqin yetuk mutaxassislar qatnashdi.
Xalqaro uchrashuvda turkiy xalqlarning an’anaviy kiyinish madaniyati, milliy liboslari hamda madaniy merosni asrab-avaylashda muzeylarning tutgan o‘rni va ahamiyati atroflicha muhokama qilinib, beshta sho‘ba majlisida 20 ta akademik ma’ruza tinglandi.
“Turkiy xalqlarning bosh kiyimlari” ko‘rgazmasi ochildi
Anjuman avvalida ishtirokchilar va mehmonlar e’tiboriga taqdim etilgan “Turkiy xalqlarning bosh kiyimlari” mavzusidagi “II Turkiy dunyo umumiy ko‘rgazmasi” qardosh xalqlarning an’anaviy bosh kiyimlari va boy madaniy merosini namoyon etib, xalqaro anjuman mavzusiga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi.
TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, Andijon viloyati hokimligi Kotibiyat mudiri Elyor Xolmirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi mas’ul xodimi Dilobar Mirxusanova va TURKSOY Muzeylar uyushmasining 2026-yildagi davriy raisi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova ishtirokida bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida mushtarak madaniy merosni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazishda muzeylarning tutgan strategik o‘rni va ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Muzeyshunoslarga TURKSOY ko‘krak nishoni va a’zolik sertifikatlari topshirildi
Tantanali marosimda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev tomonidan turkiy dunyo muzeyshunosligi rivojiga qo‘shgan salmoqli hissalari uchun O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi direktori Jannat Ismoilova hamda Dimitriy Qaracho‘ban nomidagi Moldova tarix va etnografiya muzeyi direktori Lyudmila Maringa "TURKSOY ko‘krak nishoni" topshirildi.
Shuningdek, xalqaro anjuman doirasida turkiy dunyodagi muzeylar o‘rtasida hamkorlik va tajriba almashinuvini mustahkamlash maqsadida O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi 10 ta muzeyga TURKSOY Muzeylar uyushmasining rasmiy a’zolik sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.