TÜRKSOY
20 Oktabr 20263 daqiqalik o'qish

TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev TURKPA assambleyasida ishtirok etdi

HVEsIz2bMAA2J-B

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev 2026-yil 20-oktabr kuni Qirg‘iziston Respublikasi poytaxti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TURKPA) 15-Bosh assambleyasi majlisida ishtirok etdi. Sulton Rayev Bosh assambleyadagi nutqida sun’iy intellektning kelajagi, turkiy dunyoning madaniy merosini raqamli makonda asrab-avaylash hamda ushbu jarayonda parlamentlar zimmasiga tushadigan mas’uliyatli vazifalarga alohida e’tibor qaratdi.

Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Kengashi mezbonligida o‘tkazilgan Bosh assambleya “Sun’iy intellekt va texnologik taraqqiyot davrida turkiy dunyoda parlamentlararo hamkorlik” mavzusida bo‘lib o‘tdi.

Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Kengashi Raisi Marlen Mamataliyev raisligida o‘tkazilgan majlisda Ozarbayjon Respublikasi Milli Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi Raisi Aybek Dadabay, Turkiya Buyuk Millet Majlisi Raisi Numan Qurtulmush, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva hamda Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Respublika Majlisi Raisi Ziyo O‘zturkler ishtirok etdilar. Bosh assambleya majlisida, shuningdek, TURKPA Bosh kotibi elchi Ramil Hasan va xalqaro tashkilotlar vakillari hozir bo‘ldilar.

Bosh assambleyada so‘zga chiqqan TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev texnologik taraqqiyot insoniyat uchun taqdim etayotgan imkoniyatlar bilan bir qatorda, o‘zi bilan birga olib kelayotgan xatarlarni ham atroflicha va sinchkovlik bilan baholash zarurligini ta’kidladi. Sun’iy intellektga shunchaki texnik yangilik sifatida emas, balki insoniyat kelajagini shakllantiruvchi tub burilish va transformatsiya deb qarash lozimligini uqtirgan Sulton Rayev, avvalroq Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazilgan Sivilizatsiyalar alyansi platformasida ilgari surgan murojaatini yana bir bor takrorladi:

“Biz sun’iy intellekt tomonidan boshqariladigan xalq emas, balki sun’iy intellektni boshqaradigan xalq bo‘lmog‘imiz lozim.”

Sun’iy intellekt asrida axborot xavfsizligi hamda ishonchli va to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lishning hayotiy ahamiyatiga to‘xtalgan Sulton Rayev, ayniqsa, yolg‘on xabarlarning tarqalishi hamda raqamli makonda yaratilayotgan kontentlarning jamiyatlar shuuriga ko‘rsatayotgan ta’siriga alohida e’tibor qaratdi. U texnologik taraqqiyotni insoniyatning umuminsoniy qadriyatlari hamda etik-axloqiy mas’uliyatidan ayri holda tasavvur etib bo‘lmasligini ta’kidladi.

Nutqining salmoqli qismini turkiy dunyoning madaniy xotirasiga bag‘ishlagan Sulton Rayev til, adabiyot, dostonlar, musiqa hamda milliy an’analar asrlar davomida shakllangan mushtarak sivilizatsiya merosining poydevori ekanini qayd etdi. Ushbu boy merosning raqamli dunyoda munosib hamda to‘g‘ri aks etishi uni kelajak avlodlarga yetkazish nuqtai nazaridan hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini uqtirib o‘tdi.

“Egar milliy tillarimiz raqamli makonda yetarlicha o‘rin ololmasa, sun’iy intellekt davrida ham o‘zlari munosib bo‘lgan yuksak maqomga erisholmasliklari mumkin”, deya ta’kidlagan Sulton Rayev, sun’iy intellekt tizimlari mavjud raqamli ma’lumotlar bazasidan oziqlanishini, shu bois turkiy dunyoning madaniy qadriyatlari raqamli olamda ishonchli va mukammal shaklda joy olishi nihoyatda zarur ekanini bildirdi.

Sulton Rayev ushbu mas’uliyatli jarayonda parlamentlar zimmasidagi ustuvor vazifalarga alohida to‘xtalib, texnologik jadal taraqqiyotning huquqiy hamda etik mezonlarini belgilash g‘oyat dolzarb ekanini ta’kidladi: “Raqamli asrda bizni muhofaza qiluvchi va barqarorlikni ta’minlovchi bosh omil — bu huquq va qonun ustuvorligidir”, deya alohida urg‘u berdi.

Parlamentlar nafaqat texnologik taraqqiyotning huquqiy mezonlarini belgilash, balki jamiyatlarimizning madaniy va ma’naviy qadriyatlari kelajagini ham shakllantirishini ta’kidlagan Sulton Rayev, turkiy dunyoning mushtarak xotirasini sun’iy intellekt tizimlariga integratsiya qilish hamda uni asrab-avaylashni ta’minlaydigan mustahkam huquqiy poydevor yaratish zarurligini alohida qayd etd

TURKSOYning turkiy dunyo mushtarak madaniy xotirasini muhofaza qilish, rivojlantirish va kelajak avlodlarga bezavol yetkazish borasidagi ezgu vazifalarga e’tibor qaratgan Bosh kotib Sulton Rayev o‘z nutqini Bosh assambleya majlisini yuqori saviyada tashkil etishda mehnat qilgan barcha tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirib yakunladi.

Media galereyasi

(9)

Bizni kuzatib boring

Twitter / XYouTubeFacebookLinkedInInstagram
Biz bilan bog‘laning

Manzilimiz
Ferit Recai Ertuğrul Caddesi No: 8
Or-An ANKARA/TÜRKİYE

Telefon va Faks raqamimiz
T: +90 (312) 491 01 00 (pbx)
F: +90 (312) 491 01 11

E-mail manzilimiz
turksoy@turksoy.org

© 2026 TÜRKSOY — Barcha huquqlar himoyalangan