TURKSOY YUNESKO Ijroiya kengashining majlisida ilk marotaba kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi
TURKSOY YUNESKO Ijroiya kengashining majlisida kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi
TURKSOY YUNESKO Ijroiya kengashining 225-yalpi majlisida ilk bor kuzatuvchi maqomida ishtirok etdi. Tashkilot 2026-yilning 8–9-oktabr kunlari Parij shahrida o‘tkazilgan YUNESKO (UNESCO) Ijroiya kengashining 225-yalpi majlisida (225th Session of the Executive Board) tarixda ilk bor rasmiy kuzatuvchi maqomida qatnashdi.
YUNESKOning Bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan nufuzli anjuman doirasida TURKSOY delegatsiyasi Ijroiya kengashining umumiy majlislarini kuzatish bilan bir qatorda, YUNESKO rahbariyati hamda tegishli departament vakillari bilan bir qator amaliy uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. YUNESKO Ijroiya kengashining 225-sessiyasi 2026-yilning 5–20-oktabr kunlari Parijda bo‘lib o‘tayotgan bo‘lsa, 8–9-oktabr sanalarida umumiy majlislar doirasida a’zo davlatlar vakillarining rasmiy ma’ruzalari eshitildi.
YUNESKO bilan hamkorlik masalalari muhokama qilindi
Xalqaro muloqotlar doirasida TURKSOY delegatsiyasi 2026-yilning iyun oyidan buyon YUNESKO Bosh direktori o‘rinbosari va Madaniyat masalalari bo‘yicha mas’ul rahbari lavozimida faoliyat yuritayotgan Nayef Al-Fayez bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Muloqot chog‘ida madaniy merosni asrab-avaylash hamda uni kelajak avlodlarga bezavol yetkazish, madaniy xilma-xillikni qo‘llab-quvvatlash hamda TURKSOYning amaldagi loyihalarini YUNESKOning madaniyat sohasidagi ustuvor maqsadlari bilan yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tashrif doirasida, shuningdek, YUNESKO xalqaro sheriklik bo‘limi mas’ul rahbarlari bilan amaliy ishchi yig‘ilishi tashkil etildi. Muloqotda TURKSOY va YUNESKO o‘rtasidagi amaldagi hamkorlik tizimini yanada tartibli va tizimli bosqichga ko‘tarish hamda istiqbolda birgalikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar atroflicha baholandi.
TURKSOY delegatsiyasi dastur davomida Tashkilotga a’zo mamlakatlarning YUNESKO huzuridagi Doimiy vakillari hamda YUNESKOning turli tarmoq va departamentlari vakillari bilan ham bir qator samarali uchrashuvlar o‘tkazdi.
225-Ijroiya kengashi sessiyasi YUNESKOning o‘z ish uslublari va xalqaro sheriklik modelini qayta ko ko‘rib chiqayotgan davriga to‘g‘ri keldi. YUNESKO Bosh direktori Khaled El-Enany Ijroiya kengashi doirasida tashkil etilgan YUNESKO Milliy komissiyalari yig‘ilishida Milliy komissiyalar bilan hamkorlikni mustahkamlashni o‘z rahbarlik davrining ustuvor yo‘nalishlari sirasiga kiritdi. U YUNESKOni a’zo mamlakatlarning manfaatlariga yanada yaqin, hududlar hamda Bosh qarorgoh o‘rtasidagi aloqasi mustahkam va yanada unumdor strukturaga aylantirishni maqsad qilganliklarini ta’kidladi.
1996-yildan bugungi kungacha: TURKSOY – YUNESKO hamkorligi
TURKSOY va YUNESKO o‘rtasidagi hamkorlik 1996-yilning 8-iyun kuni Istanbul shahrida imzolangan "Hamkorlik bitimi"ga tayanadi. Ushbu shartnoma ikki xalqaro tashkilot o‘rtasida muloqot, axborot va hujjatlar almashinuvi hamda texnik hamkorlik yo‘nalishlarida huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu samarali hamkorlikning eng muhim natijalaridan biri sifatida 2010-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan TURKSOYga a’zo mamlakatlar YUNESKO Milliy komissiyalari yig‘ilishlarini ko‘rsatish mumkin. Milliy komissiyalar o‘rtasida fikr va tajriba almashishni ta’minlovchi ushbu uchrashuvlarning "Turkiy dunyo madaniyat poytaxti" deb e’lon qilingan shaharlarda o‘tkazilishi vaqt o‘tishi bilan an’anaga aylandi.
Ushbu amaliyot 2025-yilda Budapesht shahrida o‘tkazilgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) norasmiy sammitida davlat rahbarlari tomonidan ham yuksak baholandi va mamnuniyat bilan qarshilandi. Kelgusi davrda ham milliy komissiyalar yig‘ilishlarini turkiy dunyo madaniyat poytaxtlari doirasida muntazam ravishda o‘tkazib borish rejalashtirilgan.
Ijroiya kengashi majlisida YUNESKO huzuridagi turkiy davlatlar guruhi nomidan so‘zlagan nutqda ham turkiy dunyoning YUNESKO kun tartibidagi mushtarak loyihalariga e’tibor qaratildi. Guruh YUNESKOni bag‘rikenglik, tinchlik va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi eng muhim xalqaro minbar sifatida e’tirof etdi.
Nutqda, ayniqsa, 15-dekabr — "Jahon turkiy tillar oilasi kuni" (Dünya Türk Dili Ailesi Günü) YUNESKO miqyosida ilk bor rasman nishonlanishi hamda Qirg‘izistonda o‘tkazilgan VI Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlari alohida ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining madaniy merosni globallashuv hamda iqlim o‘zgarishi oqibatlaridan muhofaza qilishga qaratilgan xalqaro tashabbusiga ham alohida o‘rin ajratildi.
TURKSOYning YUNESKO Ijroiya kengashi ishida ilk bor kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi bilan 1996-yildan buyon davom etib kelayotgan TURKSOY–YUNESKO hamkorligini kelgusida yanada tizimli va amaliy loyihalar bilan rivojlantirish maqsad qilingan.