TÜRKSOY
19 Oktabr 20263 daqiqalik o'qish

IV TURKSOY Xalqaro teatr festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

WhatsApp Image 2026-10-19 at 20.07.40

“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlari doirasida Andijon shahrida tashkillashtirilgan IV TURKSOY Xalqaro teatr festivali 19-oktabr kuni o‘z ishini rasman boshladi. Shahar ahlining katta qiziqishi ostida o‘tgan tantanali ochilish marosimi ishtirokchi mamlakat delegatsiyalari hamda taniqli san’atkorlarning qizil yo‘lakdan o‘tishi bilan boshlandi.

Tarixiy Buyuk ipak yo‘lining muhim chorrahasi va madaniyat markazlaridan biri bo‘lgan Andijon shahrida o‘tkazilgan ushbu tantanali marosimda TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari Rustamjon Egamberdiyev hamda turkiy davlatlardan tashrif buyurgan ko‘plab taniqli teatr san’atkorlari va madaniyat namoyandalari ishtirok etdilar.

Teatr barchamizni birlashtiruvchi kuchdir

Tantanali marosimning ochilishida so‘zga chiqqan TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev Andijon shahri Farg‘ona vodiysining yuragi, turkiy xalqlarni bir-biri bilan bog‘lab turuvchi tarixiy va ma’naviy chorraha ekanini alohida ta’kidladi. Andijon buyuk davlat arbobi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur hamda otashin shoir Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lpon kabi ulug‘ siymolarni kamolga yetkazgan tabarruk zamin ekanini eslatib o‘tgan Sulton Rayev:

“Bugun Bobur siymosi o‘zining boy tarixi va adabiyoti bilan, Cho‘lpon esa o‘zining otashin she’riyati hamda hurriyat mavzusidagi g‘oyalari bilan boyitgan ushbu tabarruk diyorda yig‘ilib turibmiz. Bizlarni teatr san’atining birlashtiruvchi qudratli kuchi bir joyga jamladi.  Ushbu nufuzli festival turkiy dunyoning madaniy hamjihatligini yanada mustahkamlashga hamda umumiy san’at merosimizning boyishiga munosib hissa qo‘shishiga samimiy tilakdoshman”, deya ta’kidladi.

Do‘stlik va san’at bayrami

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev tadbir ishtirokchilarini qizg‘in qutlab, to‘rtinchi marotaba tashkil etilayotgan ushbu nufuzli festivalning Andijon shahrida o‘tkazilayotganidan mamnunligini bildirdi. Nodirbek Sayfullayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining madaniyat va san’at, xususan teatr sohasini rivojlantirishga qaratayotgan yuksak e’tiborini alohida ta’kidlab:

“So‘nggi yillarda mamlakatimizda 2 ta yangi teatr, 20 dan ortiq madaniyat markazi va 16 ta muzey tashkil etildi. Bugungi kunda respublikamizda 40 dan ziyod davlat teatrlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Festivalning tub maqsadi — turkiy xalqlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik rishtalarini teatr san’ati vositasida yanada mustahkamlashdan iboratdir. Ushbu do‘stlik va san’at bayramida sizlar bilan birga bo‘lib turganimizdan g‘oyat  baxtiyormiz”,  deya qayd etdi.

Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rustamjon Egamberdiyev “Andijon – Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan festival va ilmiy anjumanlar, badiiy kecha va ijodiy uchrashuvlar madaniy hayotimizda chuqur iz qoldiradigan, do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlaydigan unutilmas voqea ekanini alohida ta’kidladi.

Shunindek, u o‘z nutqida “Andijon ahli sifatida qardosh mamlakatlarimizning nufuzli va qadrli san’atkorlarini mamlakatimizda mehmon qilishdan mamnunmiz. Qizil yo‘lakchadan o‘tgan har bir san’atkorimiz mamlakatlarimiz o‘rtasidagi mustahkam rishtalarning haqiqiy elchisidir. Mezbonlik qilayotgan ushbu festivalimiz mushtarak sivilizatsiyamiz qudratini, tarixiy tomirlarimiz va mustahkam qardoshligimizni butun dunyoga yana bir bor namoyish etishiga kat’iy inanaman”,  deya ta’kidladi.

 Festivalning ochilish spektakli: “Bobur, sog‘inch”

Rasmiy nutqlardan so‘ng festival mezbon Andijon teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Bobur, sog‘inch” spektakli bilan o‘z pardasini ochdi. Taniqli shoir, dramaturg Usman Azim qalamiga mansub ushbu tarixiy dramada o‘zbek xalqining ulug‘ farzandi, hukmdor va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning ona Vatanga bo‘lgan cheksiz muhabbati va sog‘inchi mahorat bilan yoritib berilgan.

Aktyor Zafarbek Sayburhanov Zahiriddin Muhammad Bobur obrazini yuksak mahorat bilan gavdalantirgan ushbu spektaklda Boburning g‘animi bo‘lmish Ibrohim Lodiynining onasi Baydu Malikani afv etishi hamda taxt vorisi shahzoda Humoyun Mirzo og‘ir xastalikka chalinganda uning hayoti va salomatligi uchun o‘z jonini fido qilishga tayyorligi kabi yuksak insoniy fazilatlari hamda ma’naviy jasorati teran sahnada o‘z ifodasini topdi. Asar tomoshabinlar hamda teatrshunos mutaxassislar tomonidan samimiy va gulduros qarsaklar bilan kutib olindi.

Media galereyasi

(40)

Bizni kuzatib boring

Twitter / XYouTubeFacebookLinkedInInstagram
Biz bilan bog‘laning

Manzilimiz
Ferit Recai Ertuğrul Caddesi No: 8
Or-An ANKARA/TÜRKİYE

Telefon va Faks raqamimiz
T: +90 (312) 491 01 00 (pbx)
F: +90 (312) 491 01 11

E-mail manzilimiz
turksoy@turksoy.org

© 2026 TÜRKSOY — Barcha huquqlar himoyalangan