TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusufga Onado‘li gazetasi tomonidan taqdim etilgan "Turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan hissasi uchun" mukofoti topshirildi
“Onado‘li” gazetasi tomonidan turkiy dunyoning birligi, mushtarak madaniyat va san’at rivojiga munosib hissa qo‘shgan arboblarga beriladigan nufuzli mukofot, marosim kuni rasmiy xizmat safarida bo‘lgani sababli anjumanda shaxsan qatnasha olmagan TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusufga o‘z xizmat xonasida topshirildi.
Bir necha kun avval o‘tkazilgan rasmiy marosimda turkiy dunyo madaniyatiga qo‘shgan xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev hamda Bosh kotib o‘rinbosari Sayit Yusuf taqdirlangan edi.
Tadbir bo‘lib o‘tgan sanada amaliy xizmat safarida bo‘lganligi bois mukofotni shaxsan qabul qilib ololmagan Sayit Yusufga ushbu yuksak mukofot Bosh kotibiyatdagi rasmiy tashrif chog‘ida topshirildi.
Mukofotni qabul qilib olgan Sayit Yusuf turkiy dunyoning mushtarak madaniy merosiga hamda qardoshlik rishtalariga xizmat qilish g‘oyatda sharafli va mas’uliyatli burch ekanini alohida ta’kidlab, ushbu e’tirof uchun "Onado‘li" gazetasi rahbariyati va ijodiy jamoasiga samimiy minnatdorlik bildirdi.