Turkiy dunyoning an’anaviy naqshlari Urgupda namoyish qilindi
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) hamda Urgup hokimligi hamkorligida tashkil etilgan 9-TURKSOY ayollar va etno-moda haftaligining ikkinchi bosqichi Kapadokiyaning Urgup tumani bayram va sayilgoh maydonida (Ürgüp Şölen Alanı) bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning ochilish marosimida so‘zga chiqqan TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf ushbu liboslar namoyishi an’anaviy kiyimlarni ko‘rgazma qilish doirasidan chiqib, yanada yuksakroq va teranroq vazifani bajarayotganini ta’kidladi va jumladan shunday dedi: “Ushbu nufuzli anjuman turkiy dunyoning turli go‘shalaridan kelgan dizaynerlar, san’atkorlar hamda modellar orasida yangi amaliy hamkorlik va ijodiy aloqalarni rivojlantirishga poydevor yaratdi”.
Sayit Yusuf turli mamlakatlar naqshlarini, to‘quvchilik va matochilik texnikalarini hamda milliy estetik qarashlarni bir sahnada jamlagan ushbu anjuman moda va liboslar san’ati vositasida madaniyatlararo aloqalarni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shganini alohida e’tirof etib: “Urgupning o‘ziga xos tarixiy va madaniy muhitida o‘tkazilgan ushbu tadbir mintaqaning boy merosini turkiy dunyoning an’anaviy kiyinish madaniyati va zamonaviy moda tamoyillari bilan tutashtirib, madaniyat va san’at uyg‘unlashgan betakror muhitni shakllantirdi”, deya qo‘shimcha qildi.
Tadbirga mezbonlik qilishdan mamnunligini izhor etgan Urgup tumani hokimi Ali Ertug‘rul Bul Urgupning tarixiy va tabiiy muhiti bu kabi nufuzli madaniy anjumanlar uchun g‘oyatda qulay imkoniyat yaratib berishini ta’kidladi. Madaniyat va san’at loyihalariga yuksak e’tibor qaratishlarini qayd etgan Ali Bul turkiy dunyoning turli mintaqalaridan kelgan dizaynerlar va ularning asarlarining Urgupda namoyish etilishi ham shahrni tanitishga, ham turkiy davlatlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarga munosib hissa qo‘shishini bildirdi.
An’anaviy naqsh va naqshinkorlik zamonaviy uslublar bilan tutashdi
"Ipak yo‘lida TURKSOY etnik kiyim-kechaklar namoyishi"da Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi hamda Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston, Yoqutiston, Tatariston va Tuva respublikalaridan tashrif buyurgan mohir dizaynerlarning liboslar to‘plamlari namoyish etildi. An’anaviy mato to‘qish texnikalari, o‘ziga xos milliy naqshlar va nozik qo‘l mehnati bilan tayyorlangan kiyim-kechaklar zamonaviy dizayn tamoyillari asosida qayta jilolanib, tomoshabinlar e’tiboriga taqdim etildi.
Liboslar namoyishida Qozog‘istonlik dizaynerlardan Ayjan Abdubayitova, Saule Bapanova, Gaziza Muratbayeva va Tarbiya Aydimbayeva o‘z milliy madaniyatlariga mansub naqsh va matolarni zamonaviy modellar bilan uyg‘unlashtirdilar. Qirg‘izistondan Nurjamal Asangulova, Zalkarbek Askarali Uulu, Tatyana Vorotnikova va Asel Kalkanova elachek bosh kiyimi, kigiz san’ati va nodir kashtachilik texnikalarini podyumga olib chiqdilar. O‘zbekistonlik mohir dizayner Madina Qosimova esa Ipak yo‘lining madaniy izlarini aks ettiruvchi an’anaviy so‘zana kashtalarini va milliy liboslarni namoyish etdi.
Boshqirdistondan Albina Jerlitsina va Gulfiya Nigmatova, Tuvadan Kima Dongak va Yulia Hirbee, Tataristondan Sultan Saliev, Yoqutistondan Yuliyana Krivoşapkina ham o‘z hududlarining etnik kiyinish an’analarini mo‘yna, charm va maxsus naqsh kashtalari vositasida sahnada gavdalantirdilar. Yuliyana Krivoşapkina defile davomida an’anaviy musiqa madaniyatini aks ettiruvchi jonli va maftunkor ijro ham namoyish etdi.
Urgup xalqi va mehmonlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingan ushbu tadbir mintaqa ramzlaridan biri hisoblangan havo sharlarining ko‘rgazmali shousi va esdalik sovg‘alarini topshirish marosimi bilan o‘z nihoyasiga yetdi.