― 18 мая 2025 г.
Turk dunyosi strategik tadqiqotlarining II kongressi Anqarada boshlandi
Turk dunyosining strategik hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama etishga bag‘ishlangan II Turk dunyosi strategik tadqiqotlar kongressi 2025-yil 16-may kuni Anqaradagi Haji Bayram Vali universiteti (AHBVÜ) mezbonligida o‘z ishini boshladi.
Turk dunyosi Yo‘roqlar-Turkmenlar birligi hamda AHBVÜ huzuridagi Turkshunoslik tadqiqot va amaliyot markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbir “Turk davlatlari va jamoalari o‘rtasidagi strategik hamkorlik imkoniyatlari” mavzusiga bag‘ishlangan. Turk dunyosining turli mamlakatlaridan taniqli akademiklar va mutaxassislar ishtirok etayotgan kongress, ilmiy-mulohazaviy almashuv hamda institutlararo hamkorliklar yo‘lida muhim platforma sifatida baholanmoqda.
Sayit Yusuf: “Bitta millatning institutlari yagona davlat kabi hamkorlikda ishlashi zarur”
Kongressning ochilish marosimida so‘zga chiqqan TÜRKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf, 1990-yillardan buyon turk dunyosi yo‘nalishida turli davlat lavozimlarida faoliyat yuritganini ta’kidlab, bu sohada xizmat qilish uning uchun sharaf va nasib ekanini bildirdi.
“Bolaligimdan buyon turk dunyosiga qalban bog‘langanman. Bugun aynan shu yo‘nalishda xizmat qilish — men uchun ulkan sharafdir,” — dedi Yusuf. Shuningdek, u Turkiya va turk respublikalari o‘rtasidagi aloqalarning shakllanish va rivojlanish jarayonlariga bevosita guvoh bo‘lganini qayd etdi.
1992-yildan so‘ng tashkil etilgan institutlararo hamkorliklarning strategik ahamiyatiga e’tibor qaratgan holda quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Men ham, safdoshlarim kabi, bu yo‘lda yanada ko‘proq mehnat qilishimiz, mas’uliyat va yelkamizdagi vazifani chuqur his etishimiz zarur, deb hisoblayman. Bunday imkoniyat vujudga kelgan ekan, har kim o‘z imkoniyatidan ortig‘ini berishga tayyor bo‘lishi kerak.”
Institutsional diplomatiyaning qudrati: “Til birligi — hamkorlikning asosiy poydevoridir”
TİKA, YTB, TDT, TEEE kabi tashkilotlarning maydondagi samarali loyihalariga e’tibor qaratgan Sayit Yusuf, ushbu tuzilmalar o‘zaro uyg‘unlikda harakat qilib, umumiy ta’sir kuchini yanada oshirishi kerakligini ta’kidladi:
“Bitta millatning tashkilotlarini yagona davlat kabi uyg‘un ishlaydigan tizimga aylantiramiz. TÜRKSOY singari ilk xalqaro institutimizdan so‘ng barpo etilgan boshqa tashkilotlar bilan hamkorliklarimizni yangi bosqichga olib chiqdik. Endilikda umumiy tafakkur va umumiy maqsad asosida bu tuzilmalar o‘rtasida strategik muvofiqlikni mustahkamlashimiz lozim.”
Yusuf, TÜRKSOY va unga o‘xshash tashkilotlar orqali olib borilayotgan jamoatchilik diplomatiyasi faoliyati Turk dunyosining xalqaro maydondagi nufuzi va ta’sir doirasini kengaytirayotganini qayd etdi.
“‘Til, fikr va ishda birlik’ prinsipi biz uchun shunchaki orzu emas, bu — qat’iy strategiyadir. Bu strategiyaning poydevori esa aynan til birligidir,” — dedi u. Til faqat aloqa vositasi emas, balki umumiy xotira va kelajakni barpo etish yo‘lida ham asosiy mezon hisoblanishini alohida ta’kidladi.
Ishtirokchilar
Kongressda AK Parti Markaziy Boshqaruvi raisi o‘rinbosari, Turk davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha rais va Ankara shahri deputati professor Kürşat Zorlu, AHBVÜ rektor o‘rinbosari professor Kürşat Göktürk, YTB rais o‘rinbosari Murat Kazancı, TİKA rais o‘rinbosari doktor Mahmut Çevik, Turk dunyosi Yo‘roqlar-Turkmenlar birligi Boshqaruv raisi İrfan Tatlıoğlu hamda ko‘plab akademiklar va mutaxassislar ishtirok etdilar.