TÜRKSOY
19 Oktabr 20263 daqiqalik o'qish

Andijonda turkiy dunyo teatr rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

WhatsApp Image 2026-10-19 at 23.13.46

 Andijon shahrida IV TURKSOY Xalqaro teatr festivali doirasida tashkil etilgan “Turkiy dunyo teatr rahbarlari yig‘ilishi” bo‘lib o‘tdi. Turkiy dunyo teatrlari integratsiyasi, qo‘shma loyihalar hamda madaniy hamkorlik masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan anjumanda umumiy raqamli platforma va yozgi mahorat maktabi kabi qator amaliy taklif hamda tashabbuslar ilgari surildi.

Kamal Go‘z moderatorligida o‘tkazilgan majlisda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Teatr san’ati boshqarmasi boshlig‘i Otabek Jo‘rayev hamda Qozog‘iston, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan tashrif buyurgan teatr direktorlari, badiiy rahbarlar va xalqaro hakamlar hay’ati a’zolari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishning kirish so‘zida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Nodirbek Sayfullayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oqilona hamda uzoqni ko‘zlagan siyosati natijasida Andijon shahriga “Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” maqomi berilishi munosabati bilan shahar ulkan tarixiy mas’uliyat va sharafli vazifani o‘z zimmasiga olganini alohida ta’kidladi.

Joriy yilda to‘rtinchi marotaba tashkil etilayotgan ushbu nufuzli xalqaro festivalga mezbonlik qilishdan cheksiz iftixor hamda sharaf tuyishlarini bildirar ekan, N. Sayfullayev yil davomida TURKSOY shafeligida ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy, adabiy va san’at anjumanlari muvaffaqiyatli amalga oshirilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Nodirbek Sayfullayev ushbu festival shunchaki teatr spektakllari namoyish etiladigan sahna bo‘lib qolmay, balki madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb masalalarga birgalikda yechim izlanadigan, yirik qo‘shma loyihalar ishlab chiqiladigan ko‘p qirrali birdamlik va hamkorlik muloqot maydoni ekanini ta’kidladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining nomidan barcha ishtirokchilarga samimiy minnatdorlik bildirdi.

Bosh kotib Sultan Rayevdan “Integratsiya, milliy estetika va dunyoga yuzlanish”ga doir muhim chaqiriq

TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev o‘z nutiqda turkiy dunyo teatrlarining bugungi holati hamda mavjud muammolariga doir muhim xulosalari bilan o‘rtoqlashdi. A’zo mamlakat xalqlarining 30 yillik mustaqillik davriga qaramay, teatrlar hamon bir-birining ijodiy faoliyatidan yetarlicha xabardor emasligini afsus bilan qayd etgan Rayev jumlalarini shunday davom ettirdi:

“Yillar davomida teatrlarimiz bir-birining ijodini ko‘ra olmadi, o‘zaro tajriba almashish imkoniga ega bo‘lmadi. Qaysi teatrda qanday badiiy jarayonlar kechayotganidan bexabar edik. Shu bois, TURKSOY tashkiloti o‘laroq ushbu festivalni teatrlarimiz bir-birini yaqindan tanishi, o‘zaro integratsiyalashuvi va amaliy tajriba almashishi uchun doimiy muloqot maydoni sifatida yo‘lga qo‘ydik”.

Nutqining davomida ochiq va samimiy muloqot ruhiyagiga to‘xtalgan Sulton Rayev, ishtirokchilarning o‘z ona tillarida (qirg‘iz, qozoq, turkman va boshqa turkiy tillarda) erkin muloqot qilib, bir-birlarini tushunishlari aslida eng tabiiy “mushtarak turkiy til” amaliyotining yorqin namunasidir, deya alohida qayd etdi.

Teatr har bir xalqning ma’naviy qiyofasi va madaniyat ko‘zgusi ekanini alohida ta’kidlagan Sultan Rayev: “Turkiy dunyo teatrining o‘ziga xos milliy qiyofasi va estetikasi bo‘lishi lozim. Bizning asosiy maqsadimiz — milliy hamda mumtoz dramaturgiyamizni Yevropa va butun dunyo sahnolariga olib chiqishdir”, dedi. Shuningdek, Bosh kotib teatr san’atining jamiyatdagi o‘rniga to‘xtalib, o‘sib kelayotgan yosh avlod qalbiga oilaviy qadriyatlar, halollik va to‘g‘rilik kabi milliy fazilatlarni sahna san’ati vositasida singdirish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

Ozarbayjondan “Raqamli platforma”, Qozog‘istondan “Teatr jurnali” taklifi

Yig‘ilish davomida so‘zga chiqqan Ozarbayjon Davlat pantomima teatri direktori Yarmammad Qurbonov turkiy dunyodagi barcha teatrlar o‘z spektakllari, ijodiy loyihalari va aloqa ma’lumotlarini baham ko‘rishlari mumkin bo‘lgan yagona elektron platforma tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Qozog‘istonlik hakamlar hay’ati a’zosi va teatrshunos Beybit Baxtigereyev esa teatrlarning o‘zaro axborot almashinuvini ta’minlash maqsadida TURKSOY shafeligida “Teatr jurnali va almanaxi”ni chop etishni taklif qildi. Shuningdek, u festivallar shunchaki spektakllar namoyish etiladigan joy bo‘lib qolmasdan, texnik xodimlar va yosh rejissyorlar uchun mahorat oshirish laboratoriyalariga aylanishi zarurligini qayd etdi.

 Xalqaro turkiy dunyo yozgi teatr maktabini tashkil etish

Qirg‘izistonning Chingiz Aytmatov nomidagi O‘sh yoshlar teatri direktori Zarlik Talasbek ulu a’zo mamlakatlarning yosh va mahoratli aktyorlarini bir joyga jamlaydigan “Xalqaro turkiy dunyo yozgi teatr maktabi”ni tashkil etish g‘oyasini ilgari surdi. Loyihaga ko‘ra, har bir mamlakatdan tanlab olingan rejissyorlar qardosh xalqlar vaillariidan iborat aralash ijodiy guruhlar bilan qo‘shma spektakllar tayyorlaydilar. Zarlik Talasbek ushbu mahorat loyihasining ilk bosqichlaridan biriga O‘sh shahrida mezbonlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdi.

Muloqot yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni umumlashtirib, hisobot holiga keltirish hamda festival yaratgan madaniy muloqot va hamkorlik imkoniyatlaridan unumli foydalanish bo‘yicha kelshib olindi.

Media galereyasi

(9)

Bizni kuzatib boring

Twitter / XYouTubeFacebookLinkedInInstagram
Biz bilan bog‘laning

Manzilimiz
Ferit Recai Ertuğrul Caddesi No: 8
Or-An ANKARA/TÜRKİYE

Telefon va Faks raqamimiz
T: +90 (312) 491 01 00 (pbx)
F: +90 (312) 491 01 11

E-mail manzilimiz
turksoy@turksoy.org

© 2026 TÜRKSOY — Barcha huquqlar himoyalangan