“Qörqut ota” VI Turkiy dunyo kinofestivali mukofotlari öz egalariga topşirildi
Istanbuldagi Otaturk madaniyat markazida taşkil etilgan “Qörqut ota” VI Turkiy dunyo kinofestivali 2026-yilning 3–7-noyabr kunlari kino ixlosmandlarini öz atrofida jamladi. Jami 56 ta film namoyiş etilgan va 30 ta kinoasar özaro bellaşgan festivalning tantanali yopiliş marosimida Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy, TURKSOY Boş kotibi Sulton Rayev, Özbekiston Turizm qömitasi raisi Abdulaziz Aqqulov, Özbekiston madaniyat vaziri örinbosari Jahongir Ahmedov hamda turkiy dunyoning köplab san’atkorlari va rasmiy mehmonlari iştirok etdilar.
Rasmiy nutqlar va e’tiroflar
Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy öz nutqida kinoning turkiy dunyo umumiy madaniy xotirasini asrab-avaylaş hamda kelajak avlodlarga yetkazişdagi hal qiluvçi örniga e’tibor qaratdi. Festivalning qöşma loyihalarni köpaytiriş, madaniy riştalarni mustahkamlaş va xalqaro miqyosdagi nufuzini oşiriş maqsadlarini alohida ta’kidlagan Ersoy ilk bor yölga qöyilgan Turkiya—Qirğiziston loyihalar taqdimoti doirasida törtta kinoloyihaga amaliy kömak berilişini ma’lum qildi.
TURKSOY Boş kotibi Sulton Rayev Qörqut otaning turkiy dunyo muştarak xotirasida tutgan beqiyos örnini ta’kidlab, mazkur festival nafaqat tayyor filmlar namoyiş etiladigan maydon, balki yangi qöşma kinoasarlar dunyoga keladigan ijodiy platforma bölişi lozimligini qayd etdi. Rayev texnologiyalar kino san’atini özgartirişi mumkinligini, biroq asarlarning ruhi va insoniy tuyğularni heç bir texnologiya yolğiz özi yarata olmasligini ham ta’kidladi.
Sulton Rayev öz çiqişiga Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdöğon Turkiy davlatlar taşkilotining 13-sammitida tilga olgan, “Qora toğlaring qulamasin, soyali ulkan daraxting kesilmasin” deb boşlanib, “Qodir Alloh seni nomardga muhtoj qilmasin” deya nihoyasiga yetuvçi maşhur Dada Qörqut duosini keltiriş bilan yakun yasadi.
Ğolib deb topilgan asarlar va ijodkorlar
Töliq metrajli badiiy filmlar tanlovi:
TURKSOY maxsus mukofoti: “Urganç gözali Törabek” — Vefa Işanguliyev (Turkmaniston)
“Eng yaxşi film” mukofoti: “Kanto” — Ensar Altay (Turkiya)
“Eng yaxşi rejissyor” mukofoti: “Tağiyev: Maktab” — Zaur Qosimli (Ozarbayjon)
“Eng yaxşi ssenariy” mukofoti: “Yusuf” — Taalaybek Kulmendeyev (Qirğiziston)
“Eng yaxşi ayol roli” mukofoti: Amina Salmanova — “Farzona Ğarbga ketmoqda” (Boşqirdiston)
“Eng yaxşi erkak roli” mukofoti: Matyoqub Matçonov — “Farz” (Özbekiston)
Badiiy filmlar hay’ati maxsus mukofoti: “38: Sönggi nuqta” — Törebek Beysebayev (Qozoğiston)
Hujjatli film sovrindorlari quyidagilar:
Hujjatli filmlar tanlovida Yoqutiston Respublikasining “Isiyax: Yozgi quyoş turişi” filmi birinçi öringa loyiq körildi. Semyon Amanatov, Mixail Lukaçevskiy, Sardaana Barabanova, Radomir Tomskiy hamda Lyubov Borisova muallifligidagi mazkur kinoasar tanlovning boş mukofotini qölga kiritdi.
Ikkinçi örin: “Hayotga taşnalik” — Möminjon Tursunov (Özbekiston)
Uçinçi örin: “Sönmas olov” — Tunç Böron (Turkiya)
Hakamlar hay’ati maxsus mukofoti: “Azix ğori: Ozarbayjon beşigi” — Atakan Kerkuklu (Ozarbayjon—Turkiya qöşma loyihasi)
Qisqa metrajli filmlar sovrindorlari quyidagilar:
Birinçi örin: “Yölboşçi” — Mert Erez (Turkiya)
Ikkinçi örin: “Buvijon” — Temirlan Orisbayev (Qozoğiston)
Uçinçi örin: “Quyoş bolasi Yusuf” — Suhrob Qodirov va Dilşod Usmonov (Özbekiston)
Toşkent “Turkiy dunyo turizm poytaxti”
Kinofestivalning tantanali yopiliş keçasida Istanbul davlat simfonik orkestri tomonidan qardoş turkiy xalqlar kompozitorlarining eng sara musiqiy asarlari ijro etildi.
Keça doirasida Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy va Özbekiston Turizm qömitasi raisi Abdulaziz Aqqulov iştirokida “Turkiy dunyo turizm poytaxti” nişonini topşiriş marosimi bölib ötdi. Şu tariqa, 2026-yilgi turizm poytaxti Anqara şahri öz maqomini 2027-yil uçun Özbekiston poytaxti Toşkentga topşirdi.
Muştarak madaniy merosimizni kino tili orqali zamonaviy talqinda namoyon etgan va turli ölkalardan kelgan kinoijodkorlarni Istanbulda jamlagan “Qörqut ota” VI Turkiy dunyo kinofestivali ğolib hamda sovrindorlarning jamoaviy suratga tuşişi bilan öz nihoyasiga yetdi.