TURKSOY Muzeylar uyushmasining 5-davriy yig‘ilishi Andijonda bo‘lib o‘tdi
TURKSOY Muzeylar uyushmasining (TMU) 5-davriy yig‘ilishi “Andijon -2026-yilda turkiy dunyo madaniyat poytaxti” tadbirlari doirasida Andijon shahrida bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunida Uyushmaning 2027-yilgi raisligi rasman Turkiya Respublikasiga topshirildi.
Andijon viloyati hokimligida tashkil etilgan majlisda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Turkmaniston hamda G‘agauz avtonom hududidan (Moldova) TURKSOY Muzeylar uyushmasi mamlakat koordinatolari, shuningdek, O‘zbekistonning TURKSOYdagi rasmiy vakili Shavkat Ortiqov, Andijon viloyati hokimiyati Kotibiyati mudiri Elyor Xolmirzayev, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi vakili Dilobar Mirhusanova hamda Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bora Dundar ishtirok etdilar.
TURKSOY Muzeylar uyushmasining (TMU) amaldagi raisi, O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyi direktori Jannat Ismoilova raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish a’zo muassasalar vakillarining qutlov va tabrik so‘zlari bilan ochildi. Shundan so‘ng TURKSOY Departamenti boshlig‘i hamda TMU Bosh koordinatori Barısh Javid Mo‘vsumlu 2026-yil davomida amalga oshirilgan faoliyat sarhisobi va kun tartibidagi ustuvor vazifalar yuzasidan ishtirokchilarga atroflicha hisobot taqdim etdi.
O‘zaro fikr va tajriba almashinuvi ruhida davom etgan yig‘ilishda mamlakat koordinatolarining 2027-yilga mo‘ljallangan hamkorlik takliflari ko‘rib chiqildi. Muloqot davomida turkiy dunyo muzeylari o‘rtasidagi institutsional aloqalarni mustahkamlash, qo‘shma loyihalarni rivojlantirish hamda boy madaniy merosni asrab-avaylashga qaratilgan amaliy hamkorlikni izchil davom ettirish masalalari tahlil qilindi.
Yig‘ilish a’zolari joriy yilning 19–20-oktabr kunlari Andijonda bo‘lib o‘tgan 5-Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi simpoziumi yuksak tashkiliy saviyada va muvaffaqiyatli o‘tkazilganidan mamnuniyat izhor etdilar. Ishtirokchilar ushbu nufuzli anjumanga mezbonlik qilgan Andijon viloyati hokimligiga, O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligiga, O‘zbekiston Davlat tarixi muzeyiga hamda TURKSOY tashkilotiga samimiy minnatdorlik bildirdilar.
TMU 2027-yilgi davriy raisligi Turkiya Respublikasiga topshirildi
Yig‘ilish yakunida TURKSOY Muzeylar uyushmasining an’anaviy davriy raisligini topshirish va qabul qilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Marosim doirasida 2026-yilgi davriy rais Jannat Ismoilova uyushmaning keyingi yildagi davriy raisligini Turkiya Respublikasiga rasman topshirdi.
Rassmiy topshirish va qabul qilib olish marosimida Jannat Ismoilova Andijonning ramziy va qimmatbaho meroslaridan biri bo‘lmish zarboft Andijon laganini Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bora Dundarga tantanali ravishda takdim etdi.
TURKSOY Muzeylar uyushmasi turkiy dunyoning mushtarak madaniy merosini asrab-avaylash, muzeylar o‘rtasida o‘zaro axborot va tajriba almashinuvini kengaytirish hamda qo‘shma madaniy-ma’rifiy loyihalarni rivojlantirish yo‘lidagi tizimli faoliyatini izchil davom ettirmoqda.