TÜRKSOY
23 Oktabr 20262 daqiqalik o'qish

IV TURKSOY Xalqaro teatr festivali Andijonda o‘tkazilgan tantanali mukofotlash marosimi bilan o‘z ishini yakunladi

5390834738974629892

“Andijon — 2026-yilda turkiy dunyo madaniyat poytaxti” tadbirlari doirasida O‘zbekistonda o‘tkazilgan IV TURKSOY xalqaro teatr festivali Andijon viloyati Musiqali drama teatrida bo‘lib o‘tgan shukuhli yopilish va g‘oliblarni mukofotlash marosimi bilan o‘z poyoniga yetdi.

TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida joriy yilning 19–22-oktabr kunlari tashkil etilgan ushbu nufuzli festivalda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmanistonning yetakchi teatr jamoalari ishtirok etdilar.

Marosimning ochilishida so‘zga chiqqan TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev festivalni yuqori saviyada o‘tkazishda ko‘rsatgan yuksak ko‘magi va homiyligi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Madaniyat vazirligiga hamda Andijon viloyati hokimligiga samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va san’atga bo‘lgan ehtiromini yuksak baholagan Sulton Rayev ishtirokchi davlatlar festivalga eng sara spektakllarini olib kelganini, bu esa anjumanning xalqaro mavqeini yanada mustahkamlaganini qayd etdi.

Andijon viloyati hokimligi Kotibiyat mudiri Elyor Xolmirzayev hokimlik nomidan barcha teatr jamoalariga minnatdorlik bildirib, “Andijon — 2026-yilda turkiy dunyo madaniyat poytaxti” tadbirlari tufayli shunday muhim va ko‘lamli madaniy voqeliklarga mezbonlik qilishdan cheksiz mamnunliklarini izhor etdi.

TURKSOY ko‘krak nishonlari topshirildi

Tantanali kechada madaniyat va san’at sohasidagi ulkan xizmatlari hamda festivalga qo‘shgan munosib hissalari uchun O‘zbekiston davlat drama teatri aktrisasi, O‘zbekiston xalq artisti Aziza Begmatova, Andijon viloyati Musiqali drama teatri direktori Bekzod Hamidov hamda Qirg‘iziston xalq yozuvchisi, taniqli dramaturg va xalqaro hakamlar hay’ati a’zosi Janish Qulmambetov “TURKSOY ko‘krak nishoni” bilan taqdirlandilar. Yuksak mukofotlarni Bosh kotib Sulton Rayev tantanali ravishda topshirdi. Shuningdek, O‘zbekistonning TURKSOYdagi rasmiy vakili Shavkat Ortiqov delegatsiya rahbarlariga festivalning maxsus tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alarini topshirdi.

Bosh mukofot (Gran-pri) Qirg‘izistonga nasib etdi

Turkiy dunyoning mushtarak tarixiy va madaniy qadriyatlarini sahnada yuksak mahorat bilan aks ettirgan ijodiy jamoalarni taqdirlash marosimida festivalning eng oliy mukofoti — “Gran-pri” Qirg‘iziston teatr jamoasiga nasib etdi. Festival hakamlar hay’atining xolis, atroflicha va teatrshunoslik mezonlariga tayangan baholash natijalariga ko‘ra g‘oliblikka loyiq topilgan nominatsiyalar, muassasalar hamda sahna asarlari quyidagicha:

“Eng yaxshi spektakl (Gran-pri)” : Sultan İbraimov nomidagi O‘sh Milliy akademik drama teatri — “Qismat dostoni” (O‘shga bir kelib ketsang)

“Eng yaxshi reissyor” :  Nurqanat Jaqipbay (Astana “Jastar” teatri — “Jibek”)

“Tinchlik, umuminsoniy va do‘stlik g‘oyalarini tarannum etgan eng yaxshi spektakl”: Buyuk Saparmurod Turkmanboshi nomidagi Turkmaniston davlat akademik drama teatri — “Oq ot” 

“Eng yaxshi sahna plastikasi”: Ozarbayjon davlat pantomima teatri — “Iblis”

“Eng yaxshi yangicha sahna talqini”: O‘zbekiston davlat drama teatri — “Layli va Majnun”

Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti (Eng yaxshi kichik formatdagi spektakl): To‘qto‘g‘ul Ojobayev nomidagi Alay musiqali drama teatri — “Sog‘inch” (Kusa)

Hakamlar hay’atining maxsus mukofoti (Tarixiy xotiraning eng yaxshi sahnaviy talqini): Andijon viloyati Musiqali drama teatri — “Bobur, sog‘inch”

Mukofotlash marosimidan so‘ng mahalliy san’atkorlar ijrosidagi milliy kuy-qo‘shiqlar va raqs tomoshalari bilan yanada shukuhli o‘tgan festivalning yopilish qismida V TURKSOY Xalqaro teatr festivali 2027-yilda Turkiya Respublikasining Kaysari shahrida o‘tkazilishi rasman e’lon qilindi.

Media galereyasi

(24)

Video Galerisi

(1)

Bizni kuzatib boring

Twitter / XYouTubeFacebookLinkedInInstagram
Biz bilan bog‘laning

Manzilimiz
Ferit Recai Ertuğrul Caddesi No: 8
Or-An ANKARA/TÜRKİYE

Telefon va Faks raqamimiz
T: +90 (312) 491 01 00 (pbx)
F: +90 (312) 491 01 11

E-mail manzilimiz
turksoy@turksoy.org

© 2026 TÜRKSOY — Barcha huquqlar himoyalangan