Olmaota shahrida "TURKSOY — Turkiy dunyoning oltin ko‘prigi" mavzusida tantanali muloqot anjumani bo‘lib o‘tdi
Qozog‘istonning Olmaota shahrida xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY hamda Qozog‘istonning taniqli madaniyat va san’at namoyandalarini bir sahnada jamlagan "TURKSOY — turkiy dunyoning oltin ko‘prigi" (TÜRKSOY - Türk Dünyası’nın Altın Köprüsü) mavzusida muloqot o‘tkazildi.
Tamal toshi 1993-yilda aynan Olmaota shahrida qo‘yilgan TURKSOY tashkilotining amaliy faoliyati doirasida tashkil etilgan ushbu anjumanda, mushtarak madaniy merosni asrab-avaylash hamda a’zo mamlakatning yozuvchilari, rassomlari, musiqachilari va olimlari o‘rtasidagi hamkorlik rishtalarini rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev moderatorligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qatnashchilarga Tashkilot tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan xalqaro nufuzli loyihalar, madaniyat va san’at ahliga qaratilgan maxsus dasturlar, nashr etilgan nodir kitoblar, xalqaro ko‘rgazmalar hamda teatr va musiqa yo‘nalishidagi yirik tadbirlar haqida batafsil axborot berildi.
Muloqot anjumanida san’at muassasalari, muzeylar va kutubxonalar rahbarlari bilan bir qatorda taniqli rassomlar, me’morlar, tariqshunoslar, olimlar va yozuvchi-shoirlar ishtirok etdilar. Tadbir davomida madaniyat va san’at sohasidagi dolzarb masalalar hamda soha ravnaqiga to‘siq bo‘layotgan mavjud omillarni bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro fikr va tajriba almashindi.
Ishtirokchilar tomonidan berilgan baho va tahlillarda davlatlararo va xalqlararo munosabatlarda madaniyatning birlashiruvchi va muloqot o‘rnatuvchi beqiyos o‘rniga alohida e’tibor qaratildi. Turkiy xalqlarning mushtarak tarix va boy madaniy ildizlarga ega ekani yana bir bor e’tirof etilgan ushbu anjumanda, ushbu ma’naviy rishtalarni bezavol davom ettirish hamda zamonaviy mazmun-mohiyat bilan boyitib borish uchun TURKSOY doirasida olib borilayotgan amaliy sa’y-harakatlar izchil davom ettirilishi zarurligi ta’kidlandi.