TÜRKSOY
25 Oktabr 20262 daqiqalik o'qish

Ulug‘ mutafakkir Ziyo Ko‘kalp İstanbulda yod etildi

WhatsApp Image 2026-10-25 at 18.01.28

Turkiy dunyo tafakkur olamiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkir, jamiyatshunos va shoir Ziyo Ko‘kalp vafotining 102 yilligi munosabati bilan Istanbulning Chemberlitosh dahasidagi qabri boshida  xotira marosimi o‘tkazilib, chuqur ehtirom bilan yod etildi. 

“Turk o‘choqlari” (Türk Ocakları) Istanbul bo‘limi tomonidan turli fuqarolik jamiyati institutlarining qo‘llab-quvvatlovi ostida Sulton II Mahmud maqbarasi qabristonida o‘tkazilgan xotira dasturida Ziyo Ko‘kalpning evaralari va avlodlari, Turkiya Respublikasining TURKSOYdagi rasmiy vakili Abdulloh Qutalmısh Yalchin hamda ko‘plab nufuzli mehmonlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

Xotira dasturi “Ziyolilar markazi”, Suriya turkman jamiyatlari federatsiyasi, Iroq turkman madaniyat va o‘zaro yordam jamiyati, Istanbul Qirim tatarlari jamiyati, “Mafkura maktabi”, Milliy tafakkur markazi, Millatparvar olimlar jamiyati, “Umay Ana” Turkiy dunyo xotin-qizlar uyushmasi, RUBASAM, Turkiy dunyo tadqiqotlari jamg‘armasi hamda O‘n to‘rt mart shifokor-tabiblar jamiyati kabi qator nufuzli tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.

Marosimda Ziyo Ko‘kalpning turk tafakkuri hamda madaniy hayotida qoldirgan o‘chmas va boy merosi yuksak ehtirom hamda minnatdorlik bilan yod etildi. 

Tantanalarda so‘zga chiqqan Turkiya Respublikasining TURKSOYdagi rasmiy vakili Abdulloh  Qutalmish Yalchin Ziyo Ko‘kalpning nafaqat buyuk mutafakkir, balki tizim yaratuvchi jamiyat faylasufi, sotsiolog, shoir va folklorshunoslik sohasiga ulkan hissa qo‘shgan serqirra shaxsiyat ekanini alohida ta’kidladi.

O‘z nutqida TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayevning maxsus xotira maktubini ishtirokchilarga yetkazgan Yalchin Ziyo Ko‘kalpning Turkiy dunyo mushtarak madaniy va fikriy merosidagi beqiyos o‘rniga e’tibor qaratdi hamda 2026-yil TURKSOY tomonidan “Ziyo Ko‘kalpni xotirlash yili” deb e’lon qilinganini yodga soldi. Yalchin ushbu qaror TURKSOY Doimiy kengashining 41 va 42-davriy yig‘ilishlari doirasida, Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligining rasmiy taklifi va tashabbusi bilan qabul qilinganini bildirdi.

Umumiy tarixga nazar tashlab, bundan 102 yil muqaddam Ziyo Ko‘kalpning vafotidan so‘ng aynan shu hududda to‘plangan ulkan ommani esga olgan Yalchin, oradan bir asr o‘tgan bo‘lsa-da, ulug‘ mutafakkir g‘oyalari va falsafasi hamon munosib yashatib kelinayotganidan cheksiz mamnuniyat izhor etdi.

Turkiy dunyoning mushtarak madaniy o‘zligi va ma’naviy shakllanishida beqiyos o‘ringa ega bo‘lgan Ziyo Ko‘kalp o‘zidan keyin qoldirgan bebaho asarlari va o‘lmas g‘oyalari bilan yangi avlodlarga ilhom bag‘ishlashda davom etmoqda.

Media galereyasi

(5)

Bizni kuzatib boring

Twitter / XYouTubeFacebookLinkedInInstagram
Biz bilan bog‘laning

Manzilimiz
Ferit Recai Ertuğrul Caddesi No: 8
Or-An ANKARA/TÜRKİYE

Telefon va Faks raqamimiz
T: +90 (312) 491 01 00 (pbx)
F: +90 (312) 491 01 11

E-mail manzilimiz
turksoy@turksoy.org

© 2026 TÜRKSOY — Barcha huquqlar himoyalangan