TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusufdan Yevropadagi turk yoshlariga muhim tavsiyalar
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY Bosh kotibining o‘rinbosari Sayit Yusuf Yevropada istiqomat qiluvchi turk yoshlari faqatgina Onado‘li bilan cheklanib qolmay, balki madaniyatimizning asl beshigi bo‘lgan Turkiston mintaqasini ham yaqindan tanishlari zarurligini ta’kidladi.
Sayit Yusuf “Kanal Avrupa” telekanaliga mehmon sifatida taklif etilib, turkiy dunyoning madaniy integratsiyasi hamda Yevropadagi turk diasporasining faoliyati haqida atroflicha fikr yuritdi.
Sayit Yusuf TURKSOY tashkilotini “Turkiy dunyoning YUNESKOsi” deb tarifladi. Shuningdek, tashkilotning siyosatdan xoli ekanini hamda mutlaqo madaniy-ma’rifiy vazifani bajarishini ta'kidladi. U o‘z nutqida tashkilot o‘tmishda yuzaga kelgan madaniy uzilishlar hamda to‘siqlarni bartaraf etishni, qardosh xalqlarni yanada yaqinlashtirishni o‘z oldiga ustuvor maqsad qilib qo‘yganini ta’kidladi.
“Turkiylik faqatgina etnik o‘zlikdangina iborat emas”
Joriy yil “Ziyo Ko‘kalp yili” o‘laroq keng nishonlanayotganini yodga solgan Sayit Yusuf tashkilotning turkiy dunyoga bo‘lgan qarashlari va yondashuvini aynan Ziyo Ko‘kalpning turkiylik ta’rifi va ilmiy-falsafiy qarashlari asosida misol qilib tushuntirdi.
Turkiylikni faqat etnik kelib chiqish sifatida baholamasliklarini alohida ta’kidlagan Sayit Yusuf: “Ziyo Ko‘kalpning qarashlari doirasida turkiylik ta’rifiga nazar tashlaganimizda, o‘zini turkiy deb hisoblaydigan, turkiylardek yo‘l tutadigan, turkiylar bilan umumiy taqdirni baham ko‘rgan va kelajak borasida umumiy maqsad hamda intilishlarga ega bo‘lgan qardosh jamiyatlarimizni ham turkiy deb bilamiz. TURKSOY o‘laroq etnik chegaralardan hatlab o‘tib, ushbu jamiyatlar bilan ham yelkama-yelka faoliyat olib bormoqdamiz”, dedi.
Sayit Yusuf, shuningdek, Ziyo Ko‘kalp va Ismoil Gasprali kabi ma’rifatparvarlarning tashabbusi bilan shakllangan “Jadidchilik” harakati evaziga o‘tmishda turkiy dunyoning to‘rt tomonida ochilgan maktablar bugungi madaniy o‘zlik va ma’rifiy shuur asoslarini yaratganini qo‘shimcha qildi.
Yevropadagi turk diasporasi endilikda barqaror va doimiy jamiyat barpo etish bosqichida ekaniga e’tiborni qaratgan Sayit Yusuf chet elda tug‘ilib o‘sgan yoshlar muloqotda qo‘llaydigan turk tilining tanqid qilinishiga qarshi chiqdi.
Til tirik hodisa ekani hamda o‘zi mavjud bo‘lgan hududdan ta’sirlanishini ta’kidlagan Sayit Yusuf , jumladan shunday dedi: “Bu yerdagi yoshlarning turk tilida so‘zlashishini tanqid qilishga hech kimning haqqi yo‘q. Zotan, u yerda yangi bir sintez, o‘ziga xos madaniy muhit shakllanmoqda. Asl xavf-xatar turk tilining muayyan shakliy o‘zgarishida emas, balki yoshlarning jinoyat yo‘liga kirib qolishi, asimilyatsiyaga uchrashi yoki o‘z ona tilini butunlay unutishidadir.”
“Tilda, fikrda, ishda birlik” g‘oyasini ham alohida ta’kidlab o‘tdi.
Sayit Yusuf o‘z nutqida madaniy diplomatiyada ommaviy axborot vositalarining tutgan o‘rniga ham to‘xtaldi. Shuningdek, u turk serial va kino ijodkorlariga murojaat qilib: “Bolqonlardan Shimoliy Afrikagacha bo‘lgan keng mintaqada millionlab insonlar turk tilini aynan seriallar orqali o‘rganmoqda. Ssenariy mualliflari va rejissyorlar tomoshabinlarga ona tilimizni o‘rgatayotganliklarini teran anglagan holda, til sofligini buzmay, uning eng go‘zal va to‘g‘ri shaklini qo‘llash mas’uliyatini o‘z zimmalariga olishlari shart”, deya alohida ta’kidladi.. Shuningdek, Sayit Yusuf: “Yoshlarimiz Markaziy Osiyo — tarixiy Turkiston zaminini shaxsan borib ko‘rishlari, uning boy madaniy merosi bilan yaqindan tanishishlari zarur”, deb qo‘shimcha qildi.
G‘arbiy Yevropada istiqomat qilayotgan turk yoshlariga o‘z ildizlari va tarixiy merosini chuqur o‘rganishni tavsiya etgan Sayit Yusuf yoshlarning milliy o‘zlik tuyg‘usi va ota-onalarining Onado‘lida tug‘ilganliklari bilangina cheklanib qolmasligi lozimligini ta’kidladi.
Sayit Yusuf o‘z so‘zlarini shunday yakunladi: “Yoshlarimiz Xoja Ahmad Yassaviy, Moturidiy merosini o‘rgansinlar. Xivani, Buxoro, Samarqand, Qozonni, albatta borib ko‘rsinlar. Tariximizdan kuch va ilhom olsinlar! Biroq faqatgina o‘tmish bilangina faxrlanmay, kelajakni barpo qilish uchun g‘ayrat qilsinlar. Turkiy madaniyatning negizida Yunus Emro, Jaloliddin Rumiy va Xoja Ahmad Yassaviyning bag‘rikengligi yotadi. Ushbu ma’naviy elakning suzgichidan o‘tgan millatdan irqchilik chiqmaydi. Ijtimoiy tarmoqlarda ba’zan ko‘zga tashlanadigan nafrat tili esa aksar holatda noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi axborotlardan (dezinformatsiyadan) iboratdir.”