― 27 апреля 2025 г.
Xivadа IV-Xalqaro Baxshichilik san’ati festivali boshlandi
Turk dunyosining qadimiy og‘zaki an’ana va madaniy merosining muhim ifodalaridan biri bo‘lgan baxshichilik san’ati, O‘zbekistonning tarixiy Xiva shahrida o‘tkazilayotgan IV-Xalqaro Baxshichilik san’ati festivali orqali yana bir bor dunyo jamoatchiligiga tanishtirildi. 2025-yil 26–28-aprel kunlari o‘tkazilgan festivalda 40 dan ortiq mamlakatlardan taxminan 200 nafar san’atkor va tadqiqotchi ishtirok etdi.
Festivalning tantanali ochilish marosimi 26-aprel kuni Xiva shahrida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. Ochilish marosimida O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Ozarbayjon madaniyat vaziri Adil Kerimli, Qirg‘iziston madaniyat vaziri o‘rinbosari Gulbara Abdikalykova, TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev, TURKPA Bosh kotibi Mehmet Süreyya Er, Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti Aktoty Raimkulova, Turk akademiyasi prezidenti Shohin Mustafayev hamda Turk dunyosidan ko‘plab madaniyat vazirlari, xalqaro tashkilotlar vakillari va olimlar ishtirok etdi.
Festivalning tantanali ochilishi va xalqaro ishtirok
Festival doirasida 26–27-aprel kunlari “II-Turk dunyosi madaniyat forumi” hamda “Yangi O‘zbekistonda baxshichilik san’ati: zamonaviy tadqiqotlar va istiqbollar” mavzusida xalqaro ilmiy forum o‘tkazildi. Tadbirda soha mutaxassislari baxshichilik san’atining o‘tgan davri, bugungi holati va kelajak istiqbollari yuzasidan ma’ruzalar taqdim etdilar. 27-aprel kuni o‘tkazilgan xalqaro tanlovda esa xorijiy va o‘zbek baxshilari epik va cholg‘u yo‘nalishlarida o‘z iste’dodlarini namoyish etdilar. O‘zbekiston, Vengriya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya, Quvayt va Mo‘g‘uliston vakillaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan baholangan tanlov g‘oliblariga umumiy qiymati 7000 AQSh dollari miqdorida bosh sovrin va boshqa mukofotlar topshirildi.
Baxshichilik san’atining kelajakka uzatilishi va TÜRKSOYning hissasi
Festival yakunida so‘zga chiqqan TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev baxshichilik san’ati turk dunyosining ruhiy boyligini va og‘zaki adabiyot an’analarini asrlar davomida saqlab kelayotganini ta’kidladi.
“Baxshi — faqat san’at emas, u xalqning vijdonidir. O‘tmish va kelajakni bog‘laydigan, yuraklarga ta’sir etadigan ko‘prikdir. Bu madaniy merosni asrash — nafaqat bizning, balki butun Turk dunyosining umumiy vazifasidir,” — dedi Raev.
Shuningdek, u festivalning ahamiyatiga ham e’tibor qaratdi:
“Bugun bu yerda faqat festival emas, balki xalqlarimiz o‘rtasidagi qadimiy rishtalarni qayta mustahkamlovchi katta bir uchrashuvga guvoh bo‘lyapmiz. Baxshilar sadosi Turk dunyosining barcha chekkalarida yangraydi va bu ovoz butun dunyoda yanada kuchli eshitilishi lozim. TÜRKSOY bu madaniy merosni asrashni o‘zining oriyati va burchi deb biladi.”
Festival yakunida tanlov g‘oliblariga sovrinlar topshirildi va baxshichilik san’atining xalqaro miqyosda targ‘ib qilinishiga qo‘shgan hissalari uchun minnatdorchilik bildirildi.
TÜRKSOY a’zo mamlakatlari festivalda faol ishtirok etdilar. Shuningdek, Ummon, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Eron, Koreya, Malayziya, Misr, Fransiya, Yaponiya va Buyuk Britaniyadan kelgan san’atkorlar ham festivalga o‘ziga xos rang va ruh baxsh etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-noyabrdagi qaroriga binoan yo‘lga qo‘yilgan Xalqaro Baxshichilik san’ati festivali avvalgi yillarda Termiz (2019), Nukus (2021) va Guliston (2023) shaharlarida o‘tkazilgan bo‘lib, bu yil esa Xiva shahrida katta muvaffaqiyat bilan yakunlandi.