― 3 июня 2026 г.
TURKSOYda “Turkiy dunyo integratsiyasida yangi ufqlar” simpoziumi bo‘lib o‘tdi
Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti–TURKSOY Bosh kotibiyati mezbonligida EkoAvrasya jamg‘armasi, Turkiy dunyo fuqarolik jamiyati hamkorligi uyushmasi (TURKSİT) hamda Siyosiy strategiyalar tadqiqot markazi (POLSAM) hamkorligida tashkil etilgan “Turkiy dunyo integratsiyasida yangi ufqlar: mushtarak kelajak sari strategik qarash” mavzusidagi xalqaro simpozium Anqara shahrida o‘tkazildi.
Turkiy dunyoning mushtarak kelajagini shakllantiradigan strategik yondashuvlar va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlaydigan yangi ufqlar muhokama qilingan simpoziumda deputatlar, elchilar, diplomatik missiya vakillari, olimlar va ko‘plab mehmonlar ishtirok etdi. O‘zbekistonning Andijon shahri “2026-yil — Turkiy dunyo madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan tayyorlangan targ‘ibot filmi namoyishi bilan boshlangan dasturning ochilish nutqlari so‘zlandi.
Yagona alifbo va mushtarak muloqot tili bosh maqsadimizdir
Simpoziumning rasmiy chiqishlari doirasida so‘zga chiqqan AK (Adolat va taraqqiyot) partiyasi raisi o‘rinbosari, Turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘limi rahbari va Anqara deputati Prof. Dr. Kurshad Zo‘rlu turkiy respublikalar mustaqilligining 35 yilligi yaqinlashayotgan ushbu davrda integratsiya jarayoni jadal sur’at kasb etayotganiga diqqat qaratdi. Turkiy davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy va strategik hamkorlikning ahamiyatini ta’kidlagan Zo‘rlu shunday dedi:
"Bugun biz Turkiy dunyoni faqatgina Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida emas, balki ancha keng ma’naviy geografiya sifatida ko‘rmoqdamiz. Bizni bir-birimizga bog‘lab turuvchi eng muhim omil — tilimiz va qadimiy madaniyatimizdir. Yagona alifbo va umumiy terminologiya asosida muloqot tilini shakllantirish bo‘yicha dadil qadamlarni tezroq tashlashimiz lozim. Buning bilan birga, iqtisodiy koridorlar, energiya yo‘llari va mudofaa sanoatidagi hamkorlikda tashlanadigan qadamlar Turkiy dunyoning global tizimdagi o‘zaro bog‘liqligini hamda xavfsizlik qalqonini ta’minlaydi. Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarimizning o‘zaro aloqalarini oshirish maqsadida raqamli infratuzilmasi yakunlangan “Turkiy dunyo fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlash tizimi'ni ham qisqa fursatda hayotga tatbiq etamiz.”
Madaniy integratsiya va ko‘ngil birligini ta’minlashimiz shart
TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf esa o‘z nutqida tashkilotning 1993-yildan buyon olib borayotgan madaniy diplomatiya faoliyatiga to‘xtaldi. TURKSOY barcha Turkiy dunyoning mushtarak shamsiyasi ekanini ta’kidlagan Yusuf: “Agar bugun kelajakka qaratilgan strategik ufqlar haqida gapirayotgan bo‘lsak, bu — “Tilda, fikrda, ishda birlik” g‘oyasini hayotga tatbiq etuvchi hamkorliklarning natijasidir. Biroq, biz hali ham o‘zaro muloqot tilini to‘liq ma’noda yo‘lga qo‘ya olganimiz yo‘q. Ustuvor vazifamiz madaniy integratsiya va ko‘ngil birligini ta’minlashdir. Biz mushtarak qadriyatlarimizni yuksaltirganimiz kabi umumiy siyosatimizni ham rivojlantirishga majburmiz”, — degan fikrlarni bildirdi.
Qardoshlik — har kuni qaytadan bunyod etiladigan mehnatdir
EkoAvrasya jamg‘armasi boshqaruv raisi Dr. Hikmet Eren tashkilot tuzilganining 20 yilligini nishonlayotganlarini eslatib, bundan 35 yil avval mustaqillik tongi bilan boshlangan jarayon bugun institutsionallashgan Turkiy dunyo haqiqatiga aylanganini qayd etdi. Eren: “Turkiy dunyo endilikda o‘z mustaqilligini isbotlash davridan o‘tib, integratsiyani chuqurlashtirish va umumiy qudratni institutsional shakllantirish asriga qadam qo‘ydi. Osiyoni Yevropa bilan bog‘lovchi umumiy koridor global savdoning yangi bosh arteriyasiga aylanmoqda. Ushbu imkoniyatni doimiy yutuqqa aylantirish barchamizning zimmamizdagi mas’uliyatdir”, — deya baho berdi.
Qalb va tafakkur chegaralaridan xatlab o‘tmoqdamiz
POLSAM boshqaruv raisi advokat Ahmet Do‘g‘anses mushtarak kelajakni barpo etishda strategik qarashning o‘rni nihoyatda muhimligini ta’kidladi. Adriatika dengizidan Buyuk Xitoy devorigacha cho‘zilgan hudud faqatgina umumiy o‘tmishni emas, balki global muvozanatni shakllantiradigan kelajakni ham ifodalashini aytgan Doğanses: "Tarix zimmamizga yuklagan mas’uliyat — ildizlarimizdan olgan kuch-g‘ayratni bugunning rasional va strategik qadamlari bilan birlashtirishdir. Barqaror integratsiya modelining kaliti aynan shundadir", — dedi.
Fuqarolik jamiyati institutlari ko‘ngil ko‘priklarini quradi
Ochilish qismida birinchi bo‘lib so‘z olgan TURKSİT boshqaruv raisi Kemal Kurnaz davlatlar ko‘prik poydevorlarini qurishini, ushbu ko‘priklarni qalbdan qalbga bog‘lovchi yagona omil esa fuqarolik jamiyati tashkilotlari ekanini tilga oldi. Kurnaz: "Bizning vazifamiz faqatgina bugungi kunni qutqarish emas, balki kelajakka nur taratishdir. 35 yillik davrda o‘rnatilgan o‘zaro tanishuvni bugun umumiy ishlab chiqarish va mushtarak qarashga aylantirish harakatidamiz", — deb gapirdi.
Nutqlardan so‘ng, EkoAvrasya jamg‘armasining 20 yilligi munosabati bilan TURKSOY nomidan Prof. Dr. Kurshad Zo‘rluga esdalik sovg‘asi topshirildi.
Strategik qarash uchta alohida sho‘bada muhokama qilindi
Ochilish nutqlari yakunlangach, simpoziumning akademik sho‘ba yig‘ilishlariga o‘tildi. O‘z sohasining yetuk olimlari, tadqiqotchilar va jurnalistlar ishtirokida uchta alohida panel tashkil etildi:
I. Sho‘ba: Prof. Dr. Zulfikar Bayraktar raisligida “Global raqobatda Turkiy dunyo qarashlari” mavzusi muhokama qilindi. (Ma’ruzachilar: Prof. Dr. Firat Purtash, Prof. Dr. İzzet Ari, Dotsent. Dr. Levent Ersin Oralli, Joşkun Bashbug‘)
II. Sho‘ba: Prof. Dr. So‘ner Sag‘lam moderatorligida “Global kuchlar muvozanatida Turkiy dunyo: strategik ustuvorliklar” sarlavhasi ostida mintaqaviy hamkorlik masalalari baholandi. (Ma’ruzachilar: Prof. Dr. Tog‘rul İsmayil, Dotsent. Dr. Hasan Bardakchi, Dr. Fuzuli Majidli, Benan Kepsutlu)
III. Sho‘ba: Prof. Dr. Yujel Erol raisligida esa “Turkiy dunyoning global kuch salohiyati va strategik yo‘nalishi” doirasida umumiy rivojlanish rejalari o‘rtaga tashlandi. (Ma’ruzachilar: Prof. Dr. Hasan Oktay, Dr. Sinan Demirturk, Dr. Medihanur Argali, Mehmet Fatih Shahin)
Simpozium ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarish va umumiy yakuniy baholash qismidan so‘ng o‘z ishini yakunladi.