WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.16 (3)
4 июня 2026 г.

TURKSOYda qozoq musiqasining peshvosi Ahmat Jubanovning 120 yilligi nishonlandi

4 июня 2026 г.

TURKSOYda qozoq musiqasining peshvosi Ahmat Jubanovning 120 yilligi nishonlandi

Qozoq xalq musiqasining ilmiy asoslarini yaratgan, xalq kuy-navolarini kelajakka bezavol yetkazgan bastakor, musiqashunos va madaniyat arbobi Ahmat Jubanov tavalludining 120 yilligi munosabati bilan poytaxt Anqara shahrida keng qamrovli xotira dasturi bo‘lib o‘tdi. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY, Qozog‘iston Respublikasining Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchixonasi hamda Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyi hamkorligida 2026-yil 4-iyun kuni tashkil etilgan ushbu tadbirlar Turkiy dunyoning madaniy xotirasi vakillarini bir davraga jamladi.

“Kuyga aylangan umr” ko‘rgazmasi va hujjatli film namoyishi

TURKSOY Bosh kotibiyati binosida soat 11:00 da boshlangan xotira dasturi doirasida dastlab Ahmat Jubanovning hayoti va ijodiy yo‘liga bag‘ishlangan “Ahmat Jubanov: Kuyga aylangan umr” mavzusidagi ko‘rgazmaning ochilish marosimi o‘tkazildi. Ekspozitsiyaning ochilish qismida so‘zga chiqqan TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf Ahmat Jubanov nafaqat Qozog‘istonning, balki butun Turkiy dunyo mushtarak madaniy merosining eng yorqin va qadrli namoyandalaridan biri ekanini alohida ta’kidladi. Jubanov keng dasht sadosini notalarga ko‘chirib, milliy xotirani san’at tili bilan kelajak avlodlarga meros qoldirgan ulug‘ siymo ekanini qayd etgan Yusuf, uning 120 yillik yubileyida ushbu benazir merosni birgalikda yod etish hamda ildizi chuqur madaniy aloqalarni tirik saqlashdan sharaf tuyishlarini bildirdi. Ko‘rgazmadan so‘ng, Jubanovning hayoti va faoliyatini yorituvchi maxsus hujjatli film namoyish etildi.

Turkiy dunyoning musiqa merosi muhokama qilindi

Hujjatli film namoyishidan keyin Ahmat Jubanovning ijodiy merosi va uning Turkiy dunyo musiqa madaniyatiga qo‘shgan hissasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Yig‘ilishda so‘z olgan rasmiylar va olimlar Jubanov shunchaki bastakor emas, balki millatning tarixiy xotirasini o‘zida aks ettirgan yirik madaniyat arbobi ekaniga urg‘u berishdi.

Ochilish nutqlarida so‘z olgan Turkiyaning TURKSOYdagi rasmiy vakili dotsent Dr. Kutalmish Yalchin Jubanov xalq musiqasiga shunchaki san’at asari deb emas, balki millatning ruhiy dunyosi va madaniy o‘zligi sifatida yondashganini bildirdi. Yalchin uning merosi nafaqat Qozog‘iston, balki butun Turkiy dunyoning umumiy ma’naviy boyligi ekanini qayd etdi. Anqara musiqa va tasviriy san’at universiteti rektori Prof. Dr. Erhan O‘zden esa Turkiyada tahsil olayotgan Turkiy dunyo mamlakatlari talabalarining soni ortib borayotganiga e’tibor qaratib, musiqa va san’at insonlarni o‘tmishdan kelajakka bog‘lovchi eng muhim omil ekanini hamda bu kabi tadbirlar mushtarak qadriyatlarni yanada mustahkamlashini ta’kidladi. Qozog‘istonning Anqaradagi elchixonasi maslahatchisi Ayan Kolbay esa Jubanov qoldirgan benazir meros haqida to‘xtalib, shunday dedi:

"Milliy madaniyatimizning muhofizi va qozoq musiqasi tarixining so‘nmas yulduzi Ahmat Jubanovning asarlari chegaralardan xatlab o‘tib, qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam ma’naviy ko‘prik qurishda davom etmoqda. Uning zammidan qolgan o‘ziga xos madaniy meros Turkiy dunyoning umumiy boyligi sifatida abadiy yashaydi."

Davra suhbatida Qozog‘iston delegatsiyasining taniqli vakillari ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar:

Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligi mas’ul xodimi Dinara Sabirova ko‘plab xalqlar musiqa madaniyati tarixida an’anaviy yo‘nalish bilan professional san’at o‘rtasida oltin ko‘prik bo‘lgan buyuk shaxslar mavjudligini, Qozog‘iston uchun esa ana shunday tarixiy siymo aynan Ahmat Jubanov ekanini tilga oldi.

Qozog‘iston Respublikasi Milliy muzeyi direktori Serjan Sarov musiqani xalq ruhining sadosi deb atar ekan, Jubanov butun hayotini qozoq musiqasini tadqiq etish, tizimlashtirish va uni jahonga tanitishga baxsh etganini bildirdi.

“Art Forum of Kazakhstan” bosh direktori Yernazar Gimarat Jubanov qozoq musiqasini shunchaki dasht sadosi bo‘lishdan olib chiqib, jahon akademik san’ati darajasiga ko‘targanini alohida qayd etdi.

Qurmangazi nomidagi Qozoq milliy konservatoriyasi o‘qituvchisi Asat Jumabayev esa millatning eng keng tarqalgan cholg‘usi — dombra asosi qilib olingan Milliy cholg‘ular orkestrining shakllanish jarayoni va ushbu orkestr tarkibidagi dombrachilar guruhining tarixiga batafsil to‘xtaldi.

Dasht sadosi Anqarada jarangladi

Tadbirlarning ikkinchi qismi soat 15:00 da Anqara musiqa va tasviriy san’at universitetining Muzaffar Sariso‘zen nomidagi amfiteatrida tashkil etilgan konsert dasturi bilan yakuniga yetdi. Qurmangazi nomidagi Qozoq milliy xalq cholg‘ulari orkestri poytaxtlik san’atsevarlarga unutilmas lahzalarni taqdim etdi.

Konsert dasturida orkestr ijrochilari tomonidan quyidagi nodir asarlar ijro etildi:

Qurmangazining “Aday” kuyi

Sugirning “İngay To‘k” kuyi

Jamagat Temirgaliyevning “Baqtiboyning kuyi”

Tinglovchilarning qizg‘in olqishlariga sazovor bo‘lgan ushbu chiqishlar Ahmat Jubanov asos solgan orkestr an’analarining bugungi kunda erishgan xalqaro muvaffaqiyatini yana bir bor yaqqol namoyish etdi.

Ahmat Jubanovning boy merosi bugun butun Turkiy dunyoning mushtarak ma’naviy xazinasi sifatida ardoqlanib, yangi avlodlar uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.

Media galereyasi

WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.56
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.56 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.55
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.55 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.55 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.54
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.55 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.54 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.54 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 17.35.54 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.23
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.23 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.23 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.23 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.22
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.22 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.22 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.21 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.21
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.21 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.21 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.20
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.20 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.20 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.19
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.19 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.19 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.19 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.18
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.18 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.18 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.18 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.17
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.17 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.17 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.17 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.16
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.16 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.16 (1)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.15
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.15 (3)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.15 (2)
WhatsApp Image 2026-06-04 at 14.22.15 (1)

© 2022 TÜRKSOY - Barcha huquqlar himoyalangan