― 3 июня 2025 г.
TÜRKSOY Xalq Cholgʻulari Orkestri Berlindagi musiqasevarlarni sehrlab qoʻydi
TÜRKSOY tashabbusi, TİKA, Yunus Emre Instituti va Ozarbayjon Madaniyat Markazi hamkorligida tashkil etilgan gala konsert Berlindagi musiqasevarlarga unutilmas kecha tuhfa etdi. 25 nafar mahoratli ijrochidan iborat TÜRKSOY Xalq Cholgʻulari Orkestri Turk dunyosining boy musiqiy merosini Germaniya poytaxtida jaranglatdi.
Konsert davomida Qozogʻistondan “Adai”, Qirgʻizistondan “Mash Botoy”, Oʻzbekistondan “Doira raqsi” kabi milliy asarlar hamda “Sariq kelin” singari umumturkiy xalq kuy va qoʻshiqlari turli mamlakatlardan kelgan sanʼatkorlar ijrosida yangradi. Ozarbayjon, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkiya va Turkmanistondan sahnaga chiqqan ijrochilar tomoshabinlarni oʻz mahorati bilan hayratga soldi. Anʼanaviy raqs chiqishlari esa kechaga alohida joziba bagʻishladi.
Bağlama virtuoz Erdal Akkaya, ozarbayjonlik xonandalar Nisbet Sadrayeva va Safali Mirzaliyev, qozogʻistonlik sanʼatkor Aygerim Sharipbek, turkiyalik xonanda Nilgün Kızılcı, oʻzbek zarbli cholgʻu ustasi Bekzod Shavkatov va raqs sanʼatkori Charos Djurabayeva kabi nomdor ijrochilar sahnadagi chiqishlari bilan olqishlarga sazovor boʻlishdi.
Tadbirda TÜRKSOYga aʼzo mamlakatlarning Berlin shahridagi elchilari hamda koʻplab nufuzli mehmonlar ishtirok etdi. Ushbu konsert Turk dunyosining boy madaniyati va mushtarak birodarlik tuygʻusini Berlin sahnasida yorqin namoyon etdi.