― 18 июня 2025 г.
Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy TÜRKSOYga tashrif buyurdi
2025-yil 17-iyun kuni Turkiya Respublikasi Madaniyat va Turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Xalqaro Turk Madaniyati Tashkiloti (TÜRKSOY)ga tashrif buyurib, tashkilot Bosh kotibi Sulton Raev bilan uchrashdi. Tashrif davomida tomonlar Turk dunyosining umumiy madaniy merosini asrash, rivojlantirish va targ‘ib etish yo‘nalishidagi amaldagi hamkorlik hamda kelgusidagi qo‘shma loyihalar bo‘yicha fikr almashdilar.
Vazir Mehmet Nuri Ersoy uchrashuv yakunida bergan bayonotida quyidagilarni ta’kidladi:
«Turk dunyosining boy va rang-barang madaniy merosini asrab-avaylash hamda uni jahon miqyosida targ‘ib etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldik. Madaniy hamkorligimizni bundan buyon ham qat’iyat bilan davom ettiramiz.»
TÜRKSOY Bosh kotibi Sulton Raev , Vazir Ersoyning tashrifidan mamnun ekanligini bildirib, shunday dedi:
«Hurmatli vazirimizning doimiy yordami va e’tibori Turk xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. TÜRKSOY sifatida biz ham bu boradagi faoliyatimizni izchil davom ettiramiz.»
Uchrashuv chog‘ida TÜRKSOYning a’zo davlatlar bilan olib borayotgan qo‘shma loyihalari, madaniy diplomatiya doirasidagi tashabbuslari hamda yaqin istiqboldagi rejalari atroflicha muhokama qilindi.