― 13 мая 2025 г.
Turk Davlatlari 1-Xalqaro Huquq Kongressi TÜRKSOY va TİKA hamkorligida Yeditepe Universitetida bo‘lib o‘tdi
Xalqaro Turk Madaniyati Tashkiloti (TÜRKSOY) hamkorligida, 2025-yil 13–14 may kunlari Istanbuldagi Yeditepe Universitetida “Turk Davlatlari 1-Xalqaro Huquq Kongressi” bo‘lib o‘tdi. Turkiya Hamkorlik va Koordinatsiya Agentligi (TİKA) bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu nufuzli anjumanda Turk dunyosida huquqiy hamkorlikni mustahkamlash hamda umumiy huquqiy asos yaratish masalalari muhokama qilindi.
Kongressning ochilish marosimida Turkiya Respublikasining sobiq Bosh vaziri, Turk Davlatlari Tashkiloti Aksakollar Kengashi raisi Binali Yıldırım, TÜRKSOY Bosh kotibining o‘rinbosari Sayit Yusuf, Yeditepe Universiteti Homiylar Kengashi faxriy raisi Bedrettin Dalan, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, huquqshunos olimlar, akademiklar va ko‘plab talabalar ishtirok etdi.
Sayit Yusuf: “Turk dunyosining huquqiy poydevori — umumiy kelajakka ochilgan eshikdir”
TÜRKSOY Bosh kotibining o‘rinbosari Sayit Yusuf o‘z nutqida tashkilot 1993-yildan beri Turk dunyosining madaniy merosini asrash, rivojlantirish va uni kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida faoliyat yuritayotganini ta’kidladi. U quyidagicha fikr bildirdi:
“TÜRKSOY faoliyatining 30 yildan ortiq tajribasi shuni ko‘rsatadiki, madaniy merosni asrash barobarida uni mustahkam huquqiy asosga tayanib rivojlantirish ham zarur. Agar Turk dunyosida umumiy tarix, til va sivilizatsiya mavjud bo‘lsa, demak, umumiy huquqiy mexanizmlar ham muqarrar zaruratdir.”
Yusuf, yosh avlodga murojaat qilar ekan, turli hududlarda yashayotgan turk xalqlari o‘rtasida o‘zaro tanishuv va muloqotni kuchaytirish, umumiy huquqiy til va tushuncha shakllantirish huquqiy hamkorlikning barqaror poydevoriga aylanishini ta’kidladi.
Binali Yıldırım: “Umumiy alifbo, umumiy huquq, umumiy kelajak”
Turkiya Respublikasining sobiq Bosh vaziri, Aksakollar Kengashi raisi Binali Yıldırım o‘z nutqida Turk dunyosining umumiy istiqboli aynan huquqiy asosda barpo etilishi lozimligini ta’kidlab, shunday dedi:
“Ilk yozma qonunlarni yaratgan ajdodlarimiz edi. Huquq ustuvor bo‘lmagan jamiyatda barqaror davlat bo‘lishi mumkin emas. Shu sababli, bu kongress orqali biz umumiy huquqiy tizimlar, tahkim markazlari va hattoki umumiy alifbo masalalarini ham qat’iylik bilan muhokama qilishimiz kerak.”
Yıldırım o‘z so‘zida Kipr muammosi, Turk dunyosining kiberxavfsizligi va boshqa dolzarb masalalarga ham to‘xtalib, tarixda Turk xalqlari tomonidan yaratilgan buyuk sivilizatsiyalarni huquqiy asosda mustahkamlab, kelajak avlodlarga yetkazish muhimligini qayd etdi.
Bedrettin Dalan: “Turk madaniyati bu kampusda yashamoqda”
Yeditepe Universitetining asoschisi Bedrettin Dalan universitet binolari Selchukiy me’morchilik uslubida barpo etilganini, kampus esa Turk madaniyatini o‘zida mujassam etgan muhim ilmiy maskan ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u umumiy alifbo borasidagi izlanishlar Turk dunyosining madaniy integratsiyasi uchun muhim qadam ekanini bildirdi.
Kongressda huquq sohasining dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi
Kongress doirasida quyidagi asosiy yo‘nalishlarda ilmiy sessiyalar tashkil etildi:
Turk dunyosida umumiy huquqiy manbalarni shakllantirish
Huquqiy davlat tamoyillarining amalda qo‘llanilishi
Kiberxavfsizlik sohasidagi huquqiy mexanizmlar
Xalqaro arbitraj (tahkim) markazlarining o‘rni va istiqbollari
Yuristlar, olimlar va akademik doiralar vakillari ishtirokida o‘tgan ushbu kongress, Turk dunyosining huquqiy kelajagiga oid muhim g‘oya va tashabbuslarni ilgari surgan yirik xalqaro maydon sifatida e’tirof etildi.