― 28 мая 2026 г.
Taldiqo‘rg‘onda “Biken Fest” IV xalqaro teatr festivali boshlandi.
Qozog‘istonning Taldiqo‘rg‘on shahrida sobiq Ittifoq va Qozog‘iston davlat mukofotlari sohibasi, Qozog‘iston xalq san’atkori, taniqli teatr va kino aktrisasi Biken Rimova xotirasiga bag‘ishlangan “Biken Fest” IV xalqaro teatr festivali o‘z ishini boshladi.
Jetisuv viloyati hokimligi, Jetisuv viloyati madaniyat, arxivlar va hujjatlashtirish boshqarmasi hamda Bikini Rimova nomidagi akademik drama teatri hamkorligida tashkil etilgan mazkur san’at bayrami 25–29-may kunlari tomoshabinlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Taldiqo‘rg‘ondagi Biken Rimova nomidagi akademik drama teatrida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — teatr jamoalari o‘rtasidagi ijodiy hamkorlikni mustahkamlash, qozoq teatr san’atini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish hamda aktrisaning boy san’at merosini barhayot saqlashdan iboratdir.
Yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash maydonchasi
Qozog‘iston, Turkiya, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Gruziya kabi qator davlatlarning eng sara teatr jamoalari ishtirok etayotgan festival doirasida ijodiy guruhlarning o‘zaro kasbiy tajriba almashishlari uchun maxsus muloqot maydonchalari yaratildi. Tadbirlarda, ayniqsa, yosh rejissyorlar, aktyorlar, dramaturglar va sahna rassomlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yangi iste’dodlarni kashf etish masalalariga alohida ustuvorlik berilmoqda.
Jetisuv mintaqasining eng yirik madaniy voqealaridan biri hisoblangan ushbu anjuman doirasida, shuningdek, rasmiy delegatsiyalar vakillari, madaniyat va san’at arboblari, ziyolilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchrashib, zamonaviy teatr san’atining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini atroflicha muhokama qilmoqdalar.