― 12 августа 2026 г.
Sulton Rayev Andijon shahrida bo‘lib o‘tadigan IV TURKSOY Xalqaro teatr festivaliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi
“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingani munosabati bilan tashkil etilishi rejalashtirilgan tadbirlar qatorida shu yilning oktyabr oyida Andijon shahrida TURKSOY, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Andijon viloyati hokimligi hamkorligida IV TURKSOY Xalqaro teatr festivali va uning doirasida TURKSOYga a’zo mamlakatlar davlat teatrlari rahbarlarining yig‘ilishi o‘tkaziladi.
Mazkur festival teatr san’atini rivojlantirish, turkiy dunyoning professional teatr jamoalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashishlariga qulay imkoniyat yaratish kabi qator ezgu maqsadlarni ko‘zda tutadi.
TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev O‘zbekistonga tashrifi doirasida Andijon viloyati musiqali drama teatri, Andijon viloyati yoshlar teatri, Andijon viloyati qo‘g‘irchoq teatrida bo‘lib, ulardagi imkoniyatlar va festivalga ko‘rilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.
E’tirof etilganidek, O‘zbekiston rahbariyati tomonidan Madaniyat poytaxti doirasida rejalashtirilgan har bir tadbirni yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Qolaversa, O‘zbekiston xalqaro anjumanlarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajribaga ega va mamlakatda teatrlar faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga ham doimiy e’tibor qaratib kelinmoqda. Bu, shubhasiz, tashkiliy jarayonlarda qulaylik yaratadi.
Shular asosida bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Andijon viloyati hokimligi TURKSOY Bosh kotibiyati bilan birgalikda har bir loyihani munosib tarzda amalga oshirish choralarini ko‘rmoqda.
Muloqot chog‘ida teatr jamoalarini kutib olish, festivalning ochilish va yopilish marosimlari hamda rejalashtirilgan boshqa tadbirlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi, taklif va tavsiyalar bildirildi. Umuman aytganda, bo‘lajak festival turkiy xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlash bilan birga, Zahiriddin Muhammad Bobur yurti Andijon timsolida O‘zbekistonning boy tarixi, madaniyati, san’ati, turizm imkoniyatlarini xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Sulton Rayev Andijondagi teatrlar rahbarlariga samimiy minnatdorlik bildirib, ular ishiga muvaffaqiyat tiladi.