― 8 февраля 2026 г.
Sultan Raev boshciligidagi TURKSOY delegatsiyasi Andijon viloyati hokimligida uchrashuv o‘tkazdi
TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishi qarori bilan O‘zbekistonning Andijon shahri 2026-yilda “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan. Sultan Raev boshciligidagi TURKSOY delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifi doirasida Andijon viloyati hokimligida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, TURKSOYning 43-davriy koordinatori Ozodbek Nazarbekov hamda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov bilan uchrashdi va Madaniyat poytaxti doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar rejasini muhokama qildi.
TURKSOY tomonidan an’anaviy tarzda tashkil etib kelinayotgan loyihalarni inobatga olgan holda birgalikda ishlab chiqilgan rejada Andijon shahrini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, o‘zbek xalqi madaniyati, san’ati va an’analarini, turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va do‘stlikni munosib tarzda namoyish qilishga alohida e’tibor qaratilgan.
Sulton Raev o‘z so‘zida quyidagilarni qayd etdi:
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Hurmatli Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekistonda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi yillarda qo‘shni mamlakatlar va qardosh o‘lkalar bilan do‘stona aloqalar yanada mustahkamlandi. Mamlakatda madaniyat va san’atni rivojlantirish, madaniy merosni asrab-avaylashga katta e’tibor qaratilmoqda.
Prezident boshlab bergan Yangi O‘zbekiston g‘oyasi, Yangi O‘zbekiston nafasi har bir mahalla, har bir xonadonga kirib borganini aynan Andijon misolida ko‘rish mumkin.
O‘tgan yili biz Andijon viloyatida yangi tashkil qilingan Bobur shahriga tashrif buyurganimizda bu yerdagi o‘zgarishlar, ulkan bunyodkorlik ishlaridan hayratga tushgandik.
Yangi shaharga ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot homiysi bo‘lgan Bobur Mirzoning nomi berilgani uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib tushgan. Shu ma’noda, Andijonga “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” degan sharafli nom berilgani juda to‘g‘ri qaror bo‘ldi.
2026-yil davomida Madaniyat poytaxti doirasidagi tadbirlarni, jumladan, tantanali ochilish va yopilish marosimlarini Andijonning bugungi salohiyatiga, O‘zbekistonning bugungi obro‘-e’tiboriga munosib shaklda, yuksak saviyada o‘tkazamiz degan umiddamiz”.
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, TURKSOYning 43-davriy koordinatori Ozodbek Nazarbekov o‘z so‘zida quyidagilarni ta’kidladi:
“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” doirasida o‘tkaziladigan keng qamrovli tadbirlar rejasida madaniy diplomatiyani kuchaytirish, turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, shuningdek, Andijon shahrini xalqaro miqyosda yanada kengroq targ‘ib etish asosiy ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Shundan kelib chiqib, tadbirlarning asosiy qismini O‘zbekistonda, bir qismini TURKSOYga a’zo davlatlar va boshqa xorijiy mamlakatlarda o‘tkazishni rejalashtirganmiz. Ishonamanki, ushbu hamkorlik doirasida amalga oshiriladigan tashabbuslar turkiy dunyo madaniy birligini yanada mustahkamlab, xalqlarimiz o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yangi bosqichga olib chiqadi”.
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon shahri nufuzli xalqaro tadbirlarni o‘tkazishda katta tajribaga ega ekanini, “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” doirasida rejalashtirilgan madaniy tadbirlarni ham yuksak saviyada tashkil etishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Muhokama chog‘ida “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlari rejasi bandma-band ko‘rib chiqilib, taklif va mulohazalar bildirildi.
Uchrashuv yakunida Sultan Rayev, Ozodbek Nazarbekov va Shuhratbek Abdurahmonov ommaviy axborot vositalari vakillari uchun intervyu berdi. Unda mazkur uchrashuv va o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlar yuzasidan jurnalist hamda blogerlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berildi.
Kunning ikkinchi yarmida Sultan Raev boshciligidagi TURKSOY delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Andijon viloyati hokimligi mas’ullari hamrohligida Andijonda tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan madaniyat va san’at obyektlari, majmualar bilan tanishdi.