― 18 июня 2025 г.
Shavkat Ortiqov TÜRKSOYning O‘zbekiston bo‘yicha vakili sifatida ish boshladi
2025-yil 17-iyun kuni Anqaradagi TÜRKSOY Bosh kotibiyati binosida Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti TÜRKSOYning O‘zbekiston bo‘yicha rasmiy vakili etib tayinlangan Shavkat Ortiqovning ish boshlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat Vazir’i o‘rinbosari Murodjon Majidov va uning boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etdi. Marosimda TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev, O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov va Türksoy vakili Shavkat Ortiqov so‘zga chiqdi.
TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev o‘z nutqida O‘zbekiston Turk dunyosining madaniy integratsiyasida muhim o‘rin tutishini ta’kidlab, hurmatli Shavkat Ortiqovning ushbu lavozimdagi faoliyati davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Raev shunday dedi:
“Janob Ortiqovning bilim va tajribasi, keng qarashlari O‘zbekistonning boy madaniy merosini Turk dunyosiga yanada kuchliroq tarzda tanitishga zamin yaratadi.”
O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov o‘z chiqishida O‘zbekiston TÜRKSOY bilan amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalardan mamnunligini bildirib, O‘zbekiston kelgusida ham tashkilot faoliyatiga faol hissa qo‘shishda davom etishini qayd etdi.
O‘zbekiston Madaniyat vazirligi tizimida uzoq yillar turli mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan Shavkat Ortiqov , TÜRKSOYda xizmat qilish uning uchun katta sharaf ekanini aytib, ushbu vazifani munosib ado etish uchun bor kuch-g‘ayratini safarbar etishini ta’kidladi.