― 4 июня 2026 г.
Qozog‘istonda “Davlat ramzlari kuni” tantanali ravishda nishonlanmoqda
Qozog‘istonda har yili 4-iyun–Davlat ramzlari bayrami sifatida keng nishonlanadi. Qozog‘iston Respublikasining davlat ramzlarini milliy madhiya, davlat bayrog‘i va davlat gerbi tashkil etadi. Oltin rangli timsollar bilan bezatilgan moviy bayrog‘i, jo‘shqin madhiyasi va teran ma’nolarni mujassam etgan gerbiga ega bo‘lgan Qozog‘iston ushbu ramzlarni 2007-yil 4-iyunda rasmiy ravishda belgilagan. Mamlakatning davlat ramzlari, asosan, ildizi chuqur ko‘chmanchi madaniy hayotni aks ettiradi.
Oltin va moviy ranglardan tarkib topgan Qozog‘iston Respublikasi Davlat gerbi taniqli me’morlar Jandarbek Malibekov va Shokan Valixanov tomonidan loyihalashtirilgan. Gerbda ko‘chmanchi qozoqlarning xonadoni va qut-barakasini ramziy ifodalovchi oltin qanotli tulporlar (turkiy mifologiyadagi samoviy otlar) joy olgan.
Asosiy rangi moviy bo‘lgan davlat bayrog‘ida milliy naqsh namunasi hisoblangan qo‘chqor shoxi, quyosh va parvoz qilayotgan burgut silueti mavjud. Bayroqning asosiy moviy rangi xalqning madaniy hamda etnik birligini, davlatning daxlsizligini ifodalaydi va uning markazidagi quyosh esa tinchlik-farovonlik timsolidir. Bayroq markazidagi burgut davlatning qudrati va manguligini anglatsa, chap tomonda tik holatda joylashgan oltin rangli naqsh qozoqlarning mashhur qo‘chqor shoxi bezagi bo‘lmish “qoshqar-muyo‘z”ni simvollashtiradi.
Asosiy mavzusi “Mening Qozog‘istonim” bo‘lgan milliy madhiya matni Nursultan Nazarbayev va Jumeken Najimedenovga tegishli. Madhiya musiqasi esa qozoq kompozitori Shamshi Qaldoyakov tomonidan bastalangan.