WhatsApp Image 2025-06-10 at 21.55.43
10 июня 2025 г.

Qirg‘izistonda “Chingiz Aytmatov – Turk dunyosining kelajagi” forumi bo‘lib o‘tdi

10 июня 2025 г.

Qirg‘izistonda “Chingiz Aytmatov – Turk dunyosining kelajagi” forumi bo‘lib o‘tdi

Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida “Chingiz Aytmatov – Turk dunyosining kelajagi” nomli xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Turkiyaning Ankara shahrida joylashgan Chingiz Aytmatov instituti tashabbusi, Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi mezbonligida, TURKSOY – Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti, Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi huzuridagi Chingiz Aytmatov nomidagi Til va adabiyot instituti, Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA), Turkiy diasporaga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi (YTB) hamda Yunus Emre instituti (YEE) ko‘magida tashkil etildi.


 

Forumda yozuvchining muxlislari, olimlar, davlat arboblari, akademiklar va talaba-yoshlar ishtirok etdi. Tadbir manaschi Risboy Isaqov tomonidan “Manas” dostonidan parcha o‘qilishi bilan boshlandi. Forumga moderatorlik qilgan Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi prezidenti, professor Kanatbek Abdramatov forum mezbonligidan faxrlanishini ta’kidladi.


 

“Turkiya bizga har sohada strategik hamkorlik ko‘rsatmoqda”


 

Qirg‘iziston Davlat kotibi Marat Imankulov o‘z nutqida Chingiz Aytmatov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab amalga oshirilayotgan davlat rejalari haqida ma’lumot berdi. U quyidagicha fikr bildirdi:


 

“Chingiz Aytmatov XX asr daholaridan biridir. U o‘z asarlarida zamonaviy dunyoning mohiyatini chuqur tahlil etgan, bugungi inqirozlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun nimalar qilish kerakligini, atrof-muhitga bo‘lgan e’tibor darajasi qanday bo‘lishi zarurligini va insonlararo munosabatlar qanday rivojlanishi lozimligini aniq ko‘rsatgan.”


 

Imankulov, shuningdek, Qirg‘iziston mustaqilligini birinchi bo‘lib tan olgan davlat sifatida Turkiya Respublikasini eslab, ikki davlat o‘rtasidagi strategik hamkorlikka alohida urg‘u berdi. U, 1986-yilda Chingiz Aytmatov tashabbusi bilan tashkil etilgan Issiqko‘l xalqaro forumini qayta jonlantirish zarurligini qayd etdi.


 

TURKSOY rahbari: “Aytmatov – Turk dunyosining yuragidir”


 

TURKSOY Bosh kotibi Sultan Raev o‘z nutqida Turkiyada tashkil etilgan Chingiz Aytmatov institutining ilk faoliyati aynan Aytmatov vatani Qirg‘izistonda amalga oshirilayotganini mamnuniyat bilan aytib o‘tdi. U quyidagicha ta’kidladi:


 

“Chingiz Aytmatov instituti hayrli va barakali bo‘lsin. Bu institutga asos solgan, Turkiya siyosatida muhim o‘rin egallagan Milliy Harakat partiyasi rahbari Devlet Bahcheliga hamda uning sodiq yo‘ldoshi, Turkiya Buyuk Millat Majlisi a’zosi professor Ilyas Topsakalga minnatdorligimizni va chuqur hurmat-ehtiromimizni bildiramiz.”


 

Sulton Raev Aytmatov ijodi haqida so‘z yuritar ekan, quyidagilarni aytdi:


 

“Turk dunyosi Aytmatovning ‘Oq kema’ asarida qayg‘uga botdi, biroq milliy o‘zligini asrashning naqadar muhimligini tushundi. ‘Xayr, Gulsari!’ orqali mehnat va fidokorlikning qiymatini his qildi. ‘Jamila’ orqali muhabbat ulug‘ligini qayta angladi. ‘Asrga tatigulik kun’ romani esa an’ana va urf-odatlar millat xotirasi ekanligini, shuningdek, ‘Mankurt’ obrazini yaratish orqali bu xotiraning yo‘qolish xavfini chuqur anglatdi.”


 

Turkiyada Aytmatov qanday e’tirof etiladi?


 

Chingiz Aytmatov instituti raisi, MHP rais o‘rinbosari professor Ilyas Topsakal nutqini MHP rahbari Devlet Bahcheliga minnatdorchilik bildirish bilan boshladi. U forumni tashkil etishda ishtirok etgan barcha tashkilot va shaxslarga rahmat aytdi hamda Chingiz Aytmatovning Turkiyadagi mavqeini sharhladi.


 

“Kuchli bo‘lish — turkiy elatlarni chuqur anglashdir. Buni esa eng yaxshi tarzda yozuvchi, shoir va mutafakkirlarimizni o‘rganish orqali amalga oshirish mumkin.”


 

Topsakal Aytmatovni turk dunyosini shahar-shahar, qishloq-qishloq tasvirlagan ulug‘ ijodkor sifatida e’tirof etdi va uning “Itning egasi bo‘lsa, bo‘rining xudosi bor” degan iborasi orqali Ergenekon rivoyatini o‘ziga xos tarzda bayon etganini qayd etdi.


 

O‘zbekistonlik deputat, adabiyotshunos professor Akmal Saidov Aytmatovning hayoti va ijodini keng targ‘ib qilish maqsadida forumlar, konferensiyalar va boshqa ilmiy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi lozimligini ta’kidladi.


 

Faxriy doktor unvoni topshirildi


 

Forum davomida Qirg‘izistondagi Chingiz Aytmatov akademiyasi boshqaruvi qaroriga binoan, Chingiz Aytmatov instituti raisi, MHP rais o‘rinbosari professor Ilyas Topsakalga faxriy doktor unvoni berildi. Faxriy diplom va akademiya tomonidan nashr etilgan noyob kitoblar to‘plami unga Chingiz Aytmatov Til va adabiyot instituti rahbari professor Abdildajan Akmataliyev tomonidan tantanali ravishda topshirildi.


 

Shuningdek, forum doirasida Chingiz Aytmatov instituti va Qirg‘iziston Fanlar akademiyasi huzuridagi Chingiz Aytmatov Til va adabiyot instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.


 

Media galereyasi

WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.51.04
WhatsApp Image 2025-06-10 at 21.55.43
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.51.04 (4)
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.51.04 (2)
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.51.02 (3)
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.51.00 (3)
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.50.40 (2)
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.50.40 (1)
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.50.38
WhatsApp Image 2025-06-10 at 15.50.35 (1)

© 2022 TÜRKSOY - Barcha huquqlar himoyalangan