0H2A8076
27 мая 2026 г.

Olmaotada O‘ljas Sulaymonov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi

27 мая 2026 г.

Olmaotada O‘ljas Sulaymonov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi

Qozog‘istonning Olmaota shahrida atoqli qozoq shoiri, yozuvchi, diplomat va “Nevada — Semey” xalqaro yadroga qarshi harakati asoschisi O‘ljas Sulaymonov tavalludining 90 yilligi munosabati bilan “Yettinchi Xalqaro Yevrosiyo madaniyatlarini yaqinlashtirish forumi” o‘tkazildi.

Qozog‘iston Madaniyat va axborot vazirligi huzuridagi, YUNESCO boshchiligida Xalqaro madaniyatlarni yaqinlashtirish markazi hamda Bulat Utemuratov jamg‘armasi tashkilotchiligida 26-may kuni tashkil etilgan ushbu tadbirda Fransiya, Rossiya, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston, Xitoy va AQSHdan kelgan adabiyot, ilm-fan va madaniyat ahli vakillari ishtirok etdi.

“O‘z yerining elchisi” mavzusida tashkil etilgan forumning ochilish yalpi majlisida so‘zga chiqqan Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari — Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning tabrik maktubini o‘qib eshittirdi. Tabrikda O. Sulaymonovning milliy madaniyatni rivojlantirish hamda Qozog‘istonning xalqaro obro‘-e’tiborini mustahkamlashga qo‘shgan hissasiga alohida to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, adibning hayot yo‘li vatanga sadoqat, yuksak fuqarolik vazifasi va umumbashariy qadriyatlarga bog‘liqlikning yorqin namunasi ekani ta’kidlangan. Sulaymonov asarlari nafaqat qozoq adabiyotining, balki jahon ma’naviy madaniyatining ham ajralmas qismiga aylanib, bir necha avlod dunyoqarashini shakllantirganiga urg‘u berilgan.

“Nobel tinchlik mukofotiga munosib nomzod”

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sultan Rayev forumdagi nutqida O‘ljas Sulaymonovning turkiy adabiyotdagi alohida va yuksak maqomiga diqqat qaratdi. Sulaymonov o‘zi asos solgan “Nevada — Semey” harakati orqali insoniyatni yadroviy halokat xavfidan himoya qilishga qaratilgan global kurash timsoliga aylanganini qayd etgan Rayev, adib 1970-yillarda qalamga olgan “Az i Ya” asari bilan totalitar tizimga qarshi chiqib, tarixiy haqiqatlarni mardona himoya qilganini eslatib o‘tdi.

Sulton Rayev o‘z so‘zida: “O‘ljas Sulaymonov nafaqat qozoq adabiyotida, balki butun turkiy adabiyotda benazir simo, davrimizning ma’naviy yetakchisidir. O‘ljas Sulaymonovning bugungi yubiley tantanasi nafaqat qozoq xalqining, balki butun Turkiy dunyoning bayramidir”, – degan fikrlarni bildirdi. Shuningdek, Rayev jahon jamoatchiligida Sulaymonov Nobel tinchlik mukofotiga munosib nomzod sifatida ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilib, bu holat adibning insoniyat oldidagi xizmatlariga berilgan tarixiy baho ekanini qayd etdi.

Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist va yozuvchi Vladimir Snegirev ham adib haqida avvalroq kitob yozganini eslatib: “O‘ljas Sulaymonov jahon miqyosidagi ulug‘ shaxsdir. Uning dunyoqarashi g‘oyat teran; o‘z fikrlarini falsafiy yo‘nalishda to‘liq va aniq yetkazib bera oladigan betakror ziyolidir”, — deya baho berdi.

Ozarbayjonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, shoir Baba Veziro‘g‘li (Masimov) esa yozuvchini Ozarbayjonda yetti yoshdan yetmish yoshgacha hamma tanishini ta’kidlab: “Xalqaro miqyosda ko‘plab yozuvchilar bor, biroq Ozarbayjon uchun O‘ljasning o‘rni butunlay bo‘lakcha. Bugungi tadbir ‘O‘z yerining elchisi’ deb nomlangan bo‘lsa-da, men uni ‘Insoniyat elchisi’ deb atagan bo‘lardim”, — dedi.

Kino va adabiyot sohasidagi ulkan meros

Forumda Sulaymonovning adabiyot bilan bir qatorda qozoq kinematografiyasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi ham atroflicha muhokama qilindi. Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat arbobi, yozuvchi Nagashibek Kapalbekuli Sulaymonov 1966-yilda rejissyor Shaken Aymanov tomonidan tasvirga olingan “Atameken” (“Ota makon”), shuningdek, “Mahambet” va “Jangir” filmlariga ssenariy yozganini eslatib o‘tdi. Adib 7 yil davomida qozoq kinosiga rahbarlik qilgani va Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi bo‘lgan davrida 300 nafardan ziyod yozuvchini uy-joy bilan ta’minlaganini so‘zlab bergan Kapalbekuli, yozuvchining Parijdagi YUNESCO shtab-kvartirasidagi faoliyati davomida madaniyat va san’atning birlashtiruvchi kuchiga ishonib, xalqaro o‘n yilliklarning e’lon qilinishiga tashabbuskor bo‘lganini aytib o‘tdi.

Tadbir doirasida muallif asarlari shu kunga qadar 30 dan ortiq tilga tarjima qilingani qayd etildi. Shuningdek, Bulat Utemuratov jamg‘armasi ko‘magida qayta nashr etilgan “O‘z yerining elchisi” kitobining uch tildagi talqini, “Az i Ya” asarining 50 yilligiga bag‘ishlangan maxsus yangi nashri hamda “She’rlar kitobi”ning taqdimoti o‘tkazildi.

Yil yakuniga qadar “O‘ljas Sulaymonov 90 yoshda” va “Az i Ya” nomli maxsus fotoalbomlar chop etilib, mamlakat bo‘ylab barcha kutubxonalarga tarqatilishi ma’lum qilindi.

 

 

 

Media galereyasi

0H2A8500
0H2A8192 (1)
0H2A7769
0H2A8541
0H2A8076
0H2A8076
0H2A8862
0H2A8328
0H2A8242
0H2A8236
0H2A8006
0H2A8183
0H2A7916
0H2A7992
0H2A7989

© 2022 TÜRKSOY - Barcha huquqlar himoyalangan