― 9 июня 2025 г.
Chingiz Aytmatov instituti delegatsiyasining Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, sport va yoshlar siyosati vazirligiga tashrifi bo‘lib o‘tdi
TÜRKSOY ko‘magida Bishkek shahrida tashkil etilayotgan “Chingiz Aytmatov – Turk dunyosining kelajagi forumi” doirasida Qirg‘izistonda bo‘lib turgan xalqaro delegatsiya Qirg‘iz Respublikasi madaniyat, sport va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliev tomonidan qabul qilindi.
Tashrif TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev rahbarligida amalga oshdi. Unda Chingiz Aytmatov instituti rahbari, Turkiya Respublikasi Samsun viloyati parlament a’zosi professor Ilhom Topsakal, O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi professor Akmal Saidov hamda Ozarbayjon xalq rassomi doktor Sakit Mammadov ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida Chingiz Aytmatovning g‘oyaviy merosini yosh avlodga yetkazish, Turk dunyosida umumiy xotirani mustahkamlashga qaratilgan forumning tayyorgarlik jarayoni haqida ma’lumot almashildi. Qirg‘iziston tomonining ko‘rsatgan ko‘magi uchun janob vazirga minnatdorlik bildirildi. Shuningdek, 2028 yilda nishonlanadigan Chingiz Aytmatovning 100 yillik tavallud ayyomiga bag‘ishlab o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan xalqaro tadbirlar va hamkorlikdagi loyihalar yuzasidan fikr almashildi.
TÜRKSOY Bosh kotibi Sultan Raev Aytmatovning Turk dunyosi adabiyoti va tafakkur hayotidagi o‘lmas o‘rniga e’tibor qaratib, forumning Bishkekda o‘tkazilishi ramziy va ma’naviy jihatdan katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, Aytmatovning xotirasini abadiylashtirish va uning madaniy merosini kelajak avlodlarga yetkazish yo‘lida TÜRKSOY doimo faol ishtirok etayotganini qayd etdi.
Vazir Mirbek Mambetaliev buyuk yozuvchiga bildirilayotgan chuqur hurmat va ehtiromdan mamnunligini bildirib, Chingiz Aytmatov instituti tashabbuslarini va TÜRKSOYning madaniy hamkorlik sohasidagi faoliyatini yuksak baholadi.
Uchrashuvda forumning Aytmatov vafotining yilligiga to‘g‘ri kelishi alohida ramziy ma’noga egaligi ta’kidlandi. Shu munosabat bilan “Atabeyit” yodgorlik majmuasi hamda Qirg‘iz Respublikasi Milliy fanlar akademiyasida o‘tkaziladigan xotira marosimlari buyuk yozuvchining fikriy merosini asrash va e’zozlashda muhim voqea sifatida baholandi.