― 11 июня 2025 г.
Bishkekda “Chingiz Aytmatovda shaxsiyat, xotira va umumiy madaniyat” mavzusida panel bo‘lib o‘tdi
“Chingiz Aytmatov – Turk dunyosining kelajagi” forumi doirasida, 2025-yil 10-iyun kuni TURKSOY va Chingiz Aytmatov instituti hamkorligida Qirg‘iziston-Turkiya Manas Universiteti (QTMU) mezbonligida “Chingiz Aytmatovda shaxsiyat, xotira va umumiy madaniyat” nomli panel tashkil etildi.
QTMU rektoratining konferensiya zalida bo‘lib o‘tgan tadbir Turkiya Hamkorlik va Koordinatsiya Agentligi (TİKA), Turkiy diasporalar boshqarmasi (YTB) va Yunus Emre instituti (YEE) ko‘magida tashkil etildi. Unda TURKSOY Bosh kotibi Sultan Raev, Chingiz Aytmatov instituti raisi va Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) Samsun viloyatidan deputat Prof. Dr. Ilyas Topsakal, Turkiyaning Bishkekdagi elchisi Mekin Mustafa Kemal Ökem, TURKSOY Bosh kotibining o‘rinbosari Sayit Yusuf, Ozarbayjondan xalq rassomi Dr. Sakit Mammadov, Qirg‘izistondagi Chingiz Aytmatov jamg‘armasi raisi Eldar Aytmatov, akademiklar va talabalar ishtirok etdi.
Panelga QTMU rektori Prof. Dr. Alpaslan Ceylan moderatorlik qildi. Unda Anqarada tashkil etilgan Chingiz Aytmatov instituti faoliyati, shuningdek, yozuvchining fikriy merosi va hayoti muhokama qilindi.
TURKSOY Bosh kotibi Sultan Raev: “Aytmatov – turk xalqlari orasida oltin ko‘prikdir”
Tadbirda so‘zga chiqqan Sultan Raev Aytmatovni nafaqat adabiyot arbobi, balki turk dunyosini birlashtiruvchi madaniy shaxsiyat sifatida e’tirof etdi:
“Turk qardoshlarimizning Aytmatov ijodiga bo‘lgan mehr-e’tibori ayni vaqtda qirg‘iz xalqiga bo‘lgan hurmatning ifodasidir. Bugungi panelning Anqarada joylashgan institut tomonidan Bishkekda o‘tkazilishi – turk xalqlari o‘rtasidagi madaniy va ma’naviy rishtalarning mustahkamligini ko‘rsatadi. Aytmatovning asarlari eng ko‘p Turkiyada chop etilgan va o‘qilgan. U xalqlarimiz o‘rtasida madaniy ko‘prik bo‘la oldi. Aytmatov – turk dunyosining oltin ko‘prigidir.”
Raev, shuningdek, Aytmatov Sovet davrida yozgan bo‘lsa-da, milliy qadriyatlarga sodiqlik bilan ijod qilganini, bu esa “Asrga tatigulik kun”, “Xayr, Gulsari” va “Oq kema” kabi asarlarida yaqqol aks etganini ta’kidladi.
Prof. Dr. Ilyas Topsakal: “Binoni qurish oson, uni san’at va muhabbat bilan to‘ldirish mushkul”
Panel ochilishida so‘z olgan Prof. Dr. Ilyas Topsakal quyidagi fikrlarni bildirdi:
“Katta binolar qurdik, ammo ularni san’at, muhabbat, donishmandlik va haqiqat bilan to‘ldirish juda qiyin. Bu asrlar davomida amalga oshadigan ishdir. Buning uchun buyuk san’atkor va mutafakkirlar kerak. Shu bois Aytmatov biz uchun muhim shaxsdir.”
Topsakal Aytmatov asosan Angliyada o‘qilishini eslatib o‘tib, uni butun Turk dunyosida eng ko‘p o‘qiladigan yozuvchiga aylantirish zarurligini ta’kidladi.
Panel ma’ruzalari:
- Prof. Dr. Muhammad Hanifiy Machit (Turkiya): “G‘arb tafakkurining xotirani yo‘qotish siyosatiga qarshi Aytmatovda manqurtlashtirish” mavzusidagi ma’ruzasida, Aytmatov o‘z davrining siyosiy tizimiga qarshi san’at tili orqali kurash olib borganini va asarlarida tarixiy xotiradan yuz o‘girgan avlodlarni fosh qilganini bayon etdi.
- Prof. Dr. Leyli Ükübayeva (QTMU): “Biz bilgan va bilmagan Aytmatov” mavzusida Aytmatov Sovet rejimi bosimi ostida bo‘lib, o‘z asarlarini qirg‘iz tilida yozishga ruxsat ololmaganini aytdi.
- Yrd. Doç. Dr. Mirgül Tekeşova (QTMU): “Chingiz Aytmatov va umumturk adabiyoti” mavzusidagi chiqishida, yozuvchi ijtimoiy-siyosiy tizim kamchiliklarini dadil tanqid qilgani, haqiqatni aytishdan hech qachon cho‘chimaganini va bularning sababi sifatida otasini eslatdi.