― 13 августа 2026 г.
Anqarada III Xalqaro Kechio‘ren turkiy dunyo festivali o‘tkazildi
Kechio‘ren tuman hokimligi hamda Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) hamkorligida tashkil etilgan "III Xalqaro Kechio‘ren turkiy dunyo festivali" Anqara shahrida bo‘lib o‘tdi.
Kechio‘ren Lavanda va atirgul bog‘ida (Lavanta ve Gül Bahçesi) o‘tkazilgan ushbu anjumanda turkiy dunyoning turli hududlaridan kelgan jamoalarning an'anaviy raqs chiqishlari, film va hujjatli filmlar namoyishi, an’anaviy san’at namunalari va konsert dasturlari o‘rin oldi. Shuningdek, dastur doirasida temir toblash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda AK (Adolat va taraqqiyot) partiyasi raisi o‘rinbosari hamda turkiy davlatlar bilan aloqalar bo‘limi rahbari Kurshad Zo‘rlu, Kechio‘ren tuman hokimi Mesut O‘zarslan, TURKSOY departament boshlig‘i Melik O‘zso‘z, Qirg‘izistonning TURKSOYdagi vakili Marat Tagayev hamda turli mamlakatlardan kelgan hokimlar, parlament deputatlari, elchilar, diplomatik missiya vakillari va nodavlat tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdilar.
Dasturda so‘zga chiqqan Kurshad Zo‘rlu turkiy dunyoning madaniy integratsiyasi muhimligiga e’tibor qaratib: "İsmail Gaspıralı’ning 'Tilda, fikrda, ishda birlik' g‘oyasi hozirgi kunda ham turkiy dunyoning mushtarak kelajagi va hamjihatligiga yo‘lboshchi bo‘lib xizmat qilmoqda", — deya ta’kidladi.
Tuman hokimi Mesut O‘zarslan esa ochilish nutqida turkiy dunyoning umumiy tarixiy va madaniy merosini kelajak avlodlarga yetkazish dolzarb vazifa ekaniga to‘xtalib, ushbu anjuman qardosh xalqlar o‘rtasidagi rishtalarni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmanistondan tashqari turkiy dunyoning turli hududlaridan kelgan vakillar qatnashgan mazkur dastur madaniy chiqishlar va badiiy ko‘rgazmalar bilan o‘z nihoyasiga yetdi.