― 18 апреля 2026 г.
ADF (Antaliya diplomatiya forumi-2026) doirasida Markaziy Osiyoning global mavqeyi Antaliyada muhokama qilindi
2026-yil 17-aprelda V Antaliya diplomatiya forumi doirasida tashkil etilgan “Birgalikda yuksalish: Mustaqilligining 35 yilligida Markaziy Osiyo davlatlarining global o‘rni” mavzusidagi panel sessiyasida shiddat bilan o‘zgarib borayotgan jahon tartibotida Markaziy Osiyo mamlakatlarining ortib borayotgan roli tahlil qilindi.
Prezident Rajap Toyyip Erdo‘g‘on homiyligida hamda Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan mezbonligida Antaliyada o‘tkazilgan forum doirasidagi ushbu muloqotda TURKSOY Bosh kotibi Sultan Rayev ham ishtirok etdi.
Sessiyada Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligining 35 yilligi arafasida ularning global tizimdagi mavqeyi qayta shakllanayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, mintaqaning ortib borayotgan geosiyosiy ahamiyati, xavfsizlik dinamikasi va iqtisodiy integratsiya jarayonlari atroflicha baholandi.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Qirg‘iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, elchi A. Berris Ekinchi, Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, elchi Alibek Bakayev hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffarbek Madrahimov ma’ruzachi sifatida qatnashgan panelda mintaqaning ko‘p tomonlama hamkorlik mexanizmlarining ahamiyati asosiy mavzu bo‘ldi.
İshtirokchilar Markaziy Osiyo nafaqat geografik, balki strategik chorrahaga aylanganiga e’tibor qaratib, mintaqaviy daxldorlikni kuchaytirish va iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, muloqot davomida “C5+1” kabi ko‘p tomonlama platformalarning roli hamda Turkiyaning, xususan, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida mintaqa mamlakatlari bilan yo‘lga qo‘ygan hamkorlik aloqalarining strategik qiymati muhokama qilindi.