55216837409_cf063841b8_o
19 апреля 2026 г.

ADF–2026 doirasida Boku turkologiya qurultoyining 100 yilligi va turkiy integratsiya masalalari muhokama qilindi

19 апреля 2026 г.

ADF–2026 doirasida Boku turkologiya qurultoyining 100 yilligi va turkiy integratsiya masalalari muhokama qilindi

Antaliya diplomatiya forumi (ADF–2026) doirasida tashkil etilgan “Bir asrlik til va o‘zlik: Boku turkologiya qurultoyidan turkiy integratsiyaga qadar” mavzusidagi panel sessiyasida 1926-yilgi Boku turkologiya qurultoyining 100 yilligi munosabati bilan Turkiy dunyodagi til, madaniyat va milliy o‘zlik sohasidagi mushtarak meros hamda bugungi kunda hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Sessiyada Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, TURKPA Bosh kotibi Ramil Hasan, TURKSOY Bosh kotibi Sultan Raev, Turk tili qurumi (TDK) rahbari, professor Osman Mert, Turk akademiyasi prezidenti, professor Shahin Mustafayev hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova ma’ruzachi sifatida ishtirok etdi. Sessiyaga Hoji Bayram Vali universiteti o‘qituvchisi, professor Firat Murtash moderatorlik qildi, mazkur universitet professori Ruhi Ersoy esa panelda ekspert-sharhlovchi sifatida qatnashdi.

Muloqot davomida Ozarbayjonda 1926-yilgi Boku turkologiya qurultoyining 100 yilligini keng ko‘lamda nishonlash bo‘yicha qabul qilingan qaror Turkiy dunyoda mamnuniyat bilan qarshilangani qayd etildi. Shuningdek, ushbu jarayon turkiy davlatlar rahbarlari tomonidan namoyon etilgan mushtarak siyosiy irodaning amaldagi ifodasi ekani alohida ta’kidlandi.

Tili — madaniyatning tirik xotirasidir

TURKSOY Bosh kotibi Sultan Rayev o‘z nutqida 15-dekabr sanasining YUNESCO tomonidan “Butunjahon turkiy tillar oilasi kuni” deb e’lon qilinishi ko‘p yillik institutsional hamkorlikning amaliy natijasi ekanini ta’kidladi.

TURKSOY tomonidan amalga oshirilayotgan madaniy hamkorlik loyihalariga to‘xtalar ekan, Rayev til Turkiy dunyoning mushtarak xotirasini tashuvchi asosiy omil ekanini qayd etdi. “Asosiy maqsad yangi yaqinlik aloqalarini o‘rnatish emas, balki mavjud mushtarak xotirani yanada ko‘zga ko‘rinarli va ta’sirchan qilishdir”, — deya ta’kidladi u.

Sultan Rayev 1926-yildagi Boku turkologiya qurultoyi turkiy tillarni ilmiy asosda tadqiq etish imkonini bergani, umumiy alifbo g‘oyasini kun tartibiga olib chiqqani va madaniy hamkorlik uchun institutsional poydevor yaratganini bildirib, ushbu meros bugungi kunda ham yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi. Shuningdek, Bosh kotib Ikkinchi turkologiya qurultoyini O‘zbekistonda o‘tkazish haqidagi qaror tarixiy uzviylik nuqtayi nazaridan muhim ekanini ta’kidlab, mazkur nufuzli anjumanning 2026-yilda Turkiy dunyo madaniyat poytaxti — Andijon shahrida tashkil etilishi ramziy ma’noga ega bo‘lishini ifoda etdi.

Turk akademiyasi prezidenti, professor Shahin Mustafayev o‘z nutqida 1926-yilgi qurultoy nafaqat akademik yig‘ilish, balki turkiy xalqlar ilk bor keng jug‘rofiy miqyosda o‘zaro mushtarak masalalarni muhokama qilgan tarixiy maydon bo‘lganini ta’kidladi.

Sh. Mustafayev mazkur qurultoy ahamiyatini muayyan mafkuraviy qarashlar bilan cheklab bo‘lmasligini qayd etib, o‘sha davr turkiy ziyolilari ushbu jarayonda katta hayajon va umid bilan ishtirok etganini alohida urg‘uladi. Anjumanda til, alifbo, ta’lim va tarix kabi sohalarda keng ko‘lamli mavzular ko‘rib chiqilganini bildirgan Mustafayev, bu jarayon XIX asrdan buyon rivojlanib kelayotgan modernizatsiya harakatlarining mantiqiy davomi ekanini bayon qildi.

Yagona alifbo mushtarak ongni mustahkamlaydi

Turk tili qurumi (TDK) rahbari, professor Osman Mert o‘z nutqida yozuvdagi birlik madaniy hamjihatlikning asosiy sharti ekanini ta’kidladi.

Turk akademiyasi bilan hamkorlikda olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida 34 harfdan iborat Mushtarak turkiy alifbo e’lon qilinganini eslatib o‘tgan O. Mert, ushbu taraqqiyot turkiy tillar o‘rtasidagi ko‘rinmas rishtalarni yanada yaqqol namoyon etishini bildirdi.

Lotin alifbosining jahon ilm-fan olamidagi salmog‘iga e’tibor qaratgan Mert, yagona alifboning axborotga egalik qilish va akademik mahsuldorlikni oshirish nuqtayi nazaridan ham muhim afzalliklar berishini qayd etdi.

Turkologiyada yangi ufqlarni ochish zarur

Panel sessiyasi ekspert-sharhlovchisi, professor Ruhi Ersoy turkologiya sohasidagi tadqiqotlarni bugungi kun ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qayta ko‘rib chiqish lozimligini ta’kidladi.

R. Ersoy turkologiya fani nafaqat til va adabiyot bilan cheklanib qolishi kerakligini urg‘ulab, universitet o‘quv dasturlarini yangilash hamda Turkiy dunyoda akademik hamkorlikni yanada samarali darajaga ko‘tarishga chaqirdi.

Panel sessiyasi yakunida Boku turkologiya qurultoyida yuz yil muqaddam qabul qilingan qarorlarni bugungi kunda siyosiy iroda ko‘magida amaliy strategiyalarga aylantirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, mushtarak madaniy xotira tashuvchisi bo‘lgan tilni asrash, rivojlantirish va uning nufuzini oshirish Turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning poydevori ekanini tasdiqlovchi xulosalar bilan tadbir o‘z ishini yakunladi.

Media galereyasi

56bdfa37-2d06-4f3c-8812-5a4d3f2231f0
55215689532_b372970676_o
55216739543_1525d2a7aa_o
55216740843_36fc07124f_o
55216981880_1e0671ea19_o
55216981975_66450dabde_o
55216837104_79bf7b0ff5_o
55216587121_c6b571748d_o
55216586676_dbde74a8e6_o
55216586101_890a2728e8_w
55215690222_399a3c2a78_o
55215689922_9058ce1006_o

© 2022 TÜRKSOY - Barcha huquqlar himoyalangan