WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.37
21 апреля 2026 г.

Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik: taniqli shoir Shavkat Rahmonni yod etib

21 апреля 2026 г.

Adabiy do‘stlik – abadiy do‘stlik: taniqli shoir Shavkat Rahmonni yod etib

Qirg‘iz Respublikasining O‘sh shahrida joylashgan Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatrida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir va tarjimon Shavkat Rahmon tavalludining 75-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmalari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda davlat va jamoat arboblari, yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar, Shavkat Rahmonning oila a'zolari, do‘stlari, muxlislari qatnashdi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo boshchiligida O‘zbekistondan yigirmaga yaqin ijodkor tashrif buyurdi, ular tantanali kutib olindi. Yubiley tadbirida TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev ham ishtirok etdi.

Shavkat Rahmon 1950-yil 12-sentabrda O‘sh viloyatining Qorasuv tumaniga qarashli Pomir mahallasida tug‘ilgan. Bu betakror ijodkor o‘zbek va qirg‘iz xalqlari adabiy do‘stligida o‘ziga xos ko‘prik bo‘lgan deyish mumkin. Chunki oliy ta'limdan keyin Toshkent shahriga kelib yashagan va faoliyatini shu yerda davom ettirgan, ko‘plab shoir va yozuvchilardan do‘stlar orttirgan, ikki xalq ijodkorlarining bir-biri bilan tanishib, do‘stlashishiga hissa qo‘shgan.

O‘zbekistondagi G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san'at nashriyotida, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida ishlagan. Dastlabki she'rlari O‘sh viloyati gazetalarida bosilgan. Keyinchalik “Rangin lahzalar”, “Yurak qirralari”, “Ochiq kunlar”, “Gullayotgan tosh”, “Uyg‘oq tog‘lar”, “Hulvo”, “Saylanma” singari she'riy kitoblari e'lon qilingan. Adabiy tarjima yo‘nalishida ham samarali ijod qilgan.

Tadbir ishtirokchilari Bobur nomidagi O‘sh davlat akademik o‘zbek musiqali drama teatri oldida musiqa va raqslar ijrosida hamda mahalliy an'anaga ko‘ra non bilan kutib olindi. Teatr binosining foye qismida shoir faoliyatiga bag‘ishlab tashkil etilgan ko‘rgazma bilan tanishishdi.

Shundan so‘ng tadbirning asosiy qismi boshlandi. Dastlab teatr jamoasining she'riy kompozitsiyalari namoyish qilindi. Yoshlar shoir she'rlarini o‘zbek va qirg‘iz tillarida maromiga yetkazib o‘qishdi. Shavkat Rahmon she'rlari asosida yaratilgan qo‘shiqlar yangradi.

Tadbirni O‘sh shahri meri Janar Akaev kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasi Davlat kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Arslon Qoyshiev, TÜRKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, Qirg‘iziston – O‘zbekiston do‘stlik jamiyati ijrochi direktori Begijon Ahmedov, O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim va boshqa ijodkorlar so‘zga chiqib, shoirning she'rlaridan o‘qidi, xotiralarini yodga oldi, ildizi bir ikki xalqning so‘nggi yillarda hamkorlik aloqalari yanada mustahkamlanayotganini alohida e'tirof etdi.

 

TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev Shavkat Rahmonni yodga olib shunday dedi:

 

“Bugun biz turkiy dunyoning buyuk shoiri Shavkat Rahmon tavalludining 75-yilligini nishonlayapmiz. Bu tadbir biz uchun muhim ahamiyatga ega. Men Shavkat akani yaxshi tanir edim, yaqin edim. Bu ijodkorning o‘zgacha dunyoqarashi, o‘zgacha olami, o‘zgacha falsafasi, fikrlashi, so‘zlari menda katta taassurot qoldirgan.

Shavkat Rahmon O‘shni juda sevgan, kindik qoni tomgan shu qishloqlarni, zaminni, tog‘larni sevgan. Ijodida ham doim shunga urg‘u bergan. She'rlarida shuni ifodalagan. O‘ylaymanki, bugun Shavkat Rahmonning ruhi shod bo‘ldi.

Men fursatdan foydalanib, Qirg‘iz Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentlariga, ikki davlat Yozuvchilar uyushmalariga katta rahmat aytaman. Bu tadbir qirg‘iz–o‘zbek do‘stligining yorqin ifodasi bo‘ldi”.

Sulton Rayev Shavkat Rahmonning she'ridan namuna ham o‘qib berdi. Yig‘ilganlar buni olqishlar bilan kutib oldi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo shunday dedi:

 

“O‘zbek xalqining ham, qirg‘iz xalqining ham birdek sevimli farzandi, turkiy dunyoning betakror shoiri Shavkat Rahmonning tavallud sanasi O‘zbekistonda keng nishonlangani, mana endi O‘shda bu adabiy tadbir davom etayotgani bu ikki xalqning qalbi ham, ruhi ham, o‘tmishi ham, kelajagi ham qanchalar bir-biri bilan uyg‘unlashib ketganligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Shavkat Rahmon tavalludining 75-yilligiga bag‘ishlab “Tanlangan asarlar” kitobi nashrdan chiqarildi va aynan ushbu yubiley tadbiriga yetkazib kelib, taqdim etayotganimizdan juda xursandmiz. Bugungi tadbirga “Umrim uzaygani muborak bo‘lsin” deb nom qo‘yilgan ekan. Menimcha Shavkat Rahmonning umri uzayganiga ayni mana shu kitob ham misol bo‘la oladi”.

Tadbirda, shuningdek, shoirning umr yo‘ldoshi Manzura aya, qizlari Shoira va Kamola Rahmonova ham so‘zga chiqib, ushbu nufuzli tadbirni tashkil etgan barchaga, ayniqsa, TÜRKSOY tashkilotiga minnatdorlik bildirdi. Anjumanni teatr direktori A'zam Rahim yakunlab, ushbu xotira tadbirga kelganlarga rahmat aytdi.

Tadbir davomida Shavkat Rahmonning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi homiyligida “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Ushbu kitob shoir tavalludining 75-yilligiga munosib sovg‘a bo‘ldi.

Media galereyasi

WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.37 (2)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.36
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.35
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.35 (2)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.34 (5)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.34
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.34 (3)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.34 (1)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.32 (3)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.33 (4)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.31
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.31 (2)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.30
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.29 (5)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.29 (4)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.29 (3)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.29 (2)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.26 (5)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.26 (1)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.25
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.25 (4)
WhatsApp Image 2026-04-21 at 06.41.25 (1)

© 2022 TÜRKSOY - Barcha huquqlar himoyalangan