― 20 апреля 2026 г.
1926-yilgi Boku turkologiya qurultoyi istiqboli va Xalqaro Turkiy akademiya dasturi Anqarada o‘z ishini boshladi
Anqara Ijtimoiy fanlar universiteti (Ankara Sosyal Bilimler Üniversitesi) mezbonligida, Xalqaro Turkiy akademiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan “1926-yilgi Boku turkologiya qurultoyi istiqboli va Xalqaro Turkiy akademiya” dasturi fotoko‘rgazma, panel munozarasi va kitob taqdimoti bilan ochildi. Tadbirda TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf ham ishtirok etdi.
Dasturning ochilish nutqini so‘zlagan rektor, professor Musa Kazım Arıjan turkologiya sohasidagi tadqiqotlarning tarixiy ildizlari hamda xalqaro akademik hamkorlikning ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Xo‘ja Ahmad Yassaviy nomidagi Xalqaro qozoq-turk universiteti Vasiylik kengashi raisi, professor Muhittin Shimşek o‘z nutqida mushtarak madaniy va ilmiy loyihalarni yanada kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
Xalqaro Turkiy akademiya prezidenti, professor Shahin Mustafayev ilmiy hamkorlikning institutsional asosga ega bo‘lishi strategik ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shuningdek, umumiy tarix, til va madaniyat negizida olib borilayotgan ishlar kelajak istiqbollarini belgilashini bildirib o‘tdi.
Yagona kelajak istiqboliga urg‘u
TURKSOY Bosh kotibi o‘rinbosari Sayit Yusuf o‘z ma’ruzasida akademik va madaniy hamkorlikning chuqurlashishi yagona kelajak istiqbolini barpo etishda hal qiluvchi o‘rin tutishini ta’kidladi. Bunday xalqaro platformalar, ayniqsa, yosh avlod uchun ilhom manbai bo‘lib xizmat qilishiga ishora qildi.
Dastur doirasida tashkil etilgan panelda turkshunoslik tadqiqotlarining tarixiy merosi hamda bugungi kundagi ilmiy-madaniy hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Turkiy dunyo kelajagida madaniy integratsiyaning o‘rni turli nuqtayi nazarlardan tahlil etildi.